Valyuta kurslari 10/01/2025
$1 – 12940.44
UZS – -0,17%
€1 – 13336.42
UZS – -0,31%
₽1 – 126.85
UZS – 2,56%
Qidirish
Iqtisod 10/01/2025 IFAD bilan agrar sohadagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

IFAD bilan agrar sohadagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi – IFADning mintaqaviy direktori Laura Mattioli bilan uchrashdi.

Unda shu kungacha ikki tomonlama hamkorlikda muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan loyihalar, shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda o‘zaro hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalgan vazir Ibrohim Abdurahmonov 2019-yilda boshlangan “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, loyiha doirasida shu kungacha o‘zlashtirilgan grant mablag‘larining Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qishloq aholisining daromadlari va turmush tarzi yaxshilashda tutgan o‘rnini alohida e’tirof etdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur loyiha doirasida aholining biznes salohiyatini oshirish, qo‘shilgan qiymat zanjiri, eksport va import, o‘simliklar karantini laboratoriyasi jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish mavzularida seminar-treninglar tashkil etilgan. Shuningdek, Farg‘ona shahrida laboratoriya tashkil etilib, bu yerga eng so‘nggi yuqori aniqlik darajasiga ega asbob-uskunalar, mebel jihozlari, reagentlar va shisha idishlar xarid qilingan. Vodiy viloyatlarida 3 ta veterinariya klinikalari qurilib ayni paytda jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Uchrashuv davomida kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasida ham qator takliflar o‘rtaga tashlanib, ularning xalqchilligi, samaradorligi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda tutgan o‘rni muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimiz agrar tarmog‘i rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi mintaqaviy direktori Laura Mattioli “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganini e’tirof etar ekan, unga ushbu mukofotni topshirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling