Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning 10-yanvar kuni Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligida Yoshlar akademiyasi tomonidan 14-yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Harbiy sohadagi yosh olimlarning ilmiy ishlanmalari va innovatsion loyihalari forumi” tashkil etildi. Ushbu tadbirda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillaridan iborat 250 nafarga yaqin yosh olimlar ishtirok etdi.
Bugungi shiddatli zamonda barcha sohalar kabi Qurolli kuchlarimizni ham ilm-fan va innovatsiyalar yordamida rivojlantish zamon talabi hisoblanadi.
Shu maqsadda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Yoshlar akademiyasi tomonidan yurtimiz yoshlarining barcha sohalar kabi harbiy sohadagi innovatsion ishlanma va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli ishlar olib borilmoqda.
Yoshlar akademiyasi tomonidan so‘nggi yillarda Vatan himoyachilari bilan hamkorlikda «TechnoWays» harbiy rivojlanish marafoni va «Bo‘lajak olim» tanlovlari tashkil etildi. Mazkur tanlovlarda 200 dan ortiq yosh olimlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etib, ularning ilmiy g‘oyalari rag‘batlantirib kelinmoqda. Tadbirning asosiy maqsadlaridan biri ham Yoshlar akademiyasi vatan himoyachilari bilan 2024-yilda amalga oshirgan ishlarini sarhisob qilish hamda joriy yilda amalga oshiriladigan ishlarni rejalashtirib olish hisoblanadi.
Bugungi tadbirda Yoshlar akademiyasi a’zolari bo‘lgan harbiy bilim yurti kursantlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishga qaratilgan jami 20 dan ortiq ilmiy ishlanmalar va innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi va eng sara loyihalar taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari tomonidan 6 ta innovatsion loyihalar tadbir ishtirokchilariga taqdimot qilindi.
Bundan tashqari ushbu vazirlik vakillari bilan hamkorlikda 2025-yilda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar muhokama qilib olindi.
Bugungi tadbir davomida harbiy bilim yurtlarida tahsil olayotgan yosh olimlar orasidan o‘z faoliyati davomida yutuqlarga erishgan 15 nafar yoshlarga Yoshlar akademiyasi a’zolik sertifikati va a’zolik belgisi tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir so‘ngida esa vazirlikning Inno texnoparkiga yosh olimlarning texnoturi tashkil qilindi. U yerda yosh olimlar ularga yaratilgan shart sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.