Gvardiola: Husanov allaqachon hammaning yoqimtoyiga aylanib ulgurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Abduqodir Husanov to‘liq harakat qilgan uchrashuvda Manchester City mehmonda Tottenhem ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Pep Gvardiola Abduqodir haqida fikr bildirdi:
"Husanov allaqachon kiyinish xonasida yoqimtoyga aylangan. Bugun u o‘yinga hatto tish cho‘tkasi va boshqa ortiqcha narsalarsiz kelibdi. Hech narsa olmagan. Shunchaki futbol o‘ynash uchun keldi.
U bilan gaplashsangiz, faqat kulib turadi, jilmayadi. Lekin u ishonchli futbolchi.
U juda tez, judayam, judayam tezkor. To‘p bilan muomala va uzatmalarining sifati g‘ayrioddiy darajada. U hali endi 20 yoshda. Vaqt o‘tgan sari yaxshilanib boraveradi.
Undagi tezlikni shu paytgacha ko‘rmaganman. Tezkor futbolchilarni ko‘p ko‘rganman, lekin u eng yaxshilaridan biri.
Uni hamma yaxshi ko‘radi. U kamgap, mehnatkash, nolimaydi, juda kamtar. Shuning uchun ishonchim komilki, muxlislarimiz uni sevib qolishadi.
"Chelsi"ga qarshi o‘yinning dastlabki 5 daqiqasida bo‘lgan voqeadan so‘ng o‘zini o‘nglash oson emas edi, ammo u o‘zini yo‘qotmadi hamda vaziyatni yaxshiladi. So‘nggi o‘yinlarda juda yaxshi natija ko‘rsatdi", - dedi ManCity bosh murabbiyi.
O‘yindan so‘ng ManСity rasmiy sahifalarida Abduqodir Husanov ishtirokida bir nechta videolar joylandi. Va u yerda har doimgidek o‘zbeklar juda faol :) Xursandchiligimizga ko‘z tegmasin, ilohim.