Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Konchilik va geologiya vazirligi huzuridagi Geologiya fanlari universitetining “Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti” davlat unitar korxonasida Janubiy Koreyaning ERG Inc. kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Delegatsiyaga kompaniyaning bosh direktori Na Kyong Von rahbarlik qildi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekistonda yuqori shoʻr suvlarni qayta ishlash, suv resurslarini tijorat va rekreatsion maqsadlarda foydalanish hamda yer osti suvlarini tozalash loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu loyihalar BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va Koreyaning KOTRA tashkiloti tomonidan moliyalashtiriladi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, geoekologik muammolarni hal qilish uchun zamonaviy koreys uskunalaridan foydalanish va ularni Oʻzbekistonga yetkazib berish masalalarida ham fikr almashdilar. Ushbu uchrashuv Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi suv resurslarini boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikka boʻlgan qiziqishni namoyon etdi.