Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
Sport 22/04/2025 Futbol bo‘yicha U-17 Osiyo kubogi g‘oliblari Chevrolet avtomobillari bilan taqdirlandi

Futbol bo‘yicha U-17 Osiyo kubogi g‘oliblari Chevrolet avtomobillari bilan taqdirlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan U-17 Osiyo Kubogida yorqin o‘yin namoyon etgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi yurtga tantanali tarzda qaytib keldi.

Tantanali kutib olish marosimi Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportda bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmonov, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Rasmiylar terma jamoaning butun turnir davomidagi o‘yiniga yuqori baho berib, finalda maydon egalari ustidan qozonilgan irodaviy g‘alabani alohida qayd etishdi. Yosh chempionlarga kelgusida yana-da katta muvaffaqiyatlar, maqsad sari qatʼiyat va ilhom tilashdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi nomidan yo‘llangan tabriknomalar va turnir g‘oliblari hamda ishtirokchilarini mukofotlash haqidagi Farmon o‘qib eshittirildi.

Tantananing nihoyasida yosh futbolchilarga davlat rahbari nomidan esdalik sovg‘alari — Cobalt rusumli avtomashinalar kalitlari topshirildi. Jamoa bosh murabbiyi esa Equinox avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling