Valyuta kurslari 18/04/2025
$1 – 12964.43
UZS – -0,23%
€1 – 14744.45
UZS – -0,12%
₽1 – 158.28
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 18/04/2025 Fitch Ratings uchta davlat banklari aksiyalarining Franklin Templeton boshqaruviga o‘tishiga ijobiy baho berdi

Fitch Ratings uchta davlat banklari aksiyalarining Franklin Templeton boshqaruviga o‘tishiga ijobiy baho berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Fitch Ratings agentligi «Biznesni rivojlantirish banki», “Mikrokreditbank” va «Xalq banki» aksiya paketlarining O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasiga (MIJ) o‘tkazilishini va uning Franklin Templeton tomonidan boshqarilishini olqishladi. Bu haqda 16 aprel kuni Fitch agentligi bank sektori bo‘yicha direktori Pavel Kaptel Toshkentda bo‘lib o‘tgan Fitch konferensiyasida maʼlum qildi, deya xabar berdi Spot.

«Biz bu qadamni banklar faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ risk-menejmentni yaxshilashda muhim yutuq deb bilamiz. Bu esa o‘rta muddatli istiqbolda banklarning aktivlari sifati va daromaddorligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi», — dedi Kaptel.

Milliy investitsiya jamg‘armasi 2024 yil avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadlari — boshqarilayotgan aktivlar qiymatini oshirish, ularni isloh qilish va xalqaro institutsional investorlarni jalb qilishdir.

Jamg‘arma ustav kapitaliga quyidagi 18 ta yirik davlat korxonalaridagi ulushlar o‘tkazilgan:

25% — «Biznesni rivojlantirish banki»;

40% — “Mikrokreditbank”;

30% — «Xalq banki»;

25% — Uzbekistan Airports;

25% — Uzbekistan Airways;

25% — “Navoiyazot”;

40% — «Milliy elektr tarmoqlari» va «Hududiy elektr tarmoqlari»;

25% — “Temiryo‘linfratuzilma” va «ISSiQlik elektr stansiyalari»;

25% — “Toshshaxartrancxizmat”;

20–40% — “O‘zbektelekom”, “O‘zbekgidroenergo”, “Uzpost” va boshqa yirik korxonalar.

2025 yil fevral oyida Franklin Templeton Asset Management singapur filiali jamg‘arma boshqaruvchisi sifatida jalb etilgani maʼlum bo‘ldi.

2024 yil yakuniga ko‘ra, «Biznesni rivojlantirish banki» va “Mikrokreditbank” eng ko‘p zarar ko‘rgan banklar bo‘ldi: ularning zarari mos ravishda 2,2 trln va 1,7 trln so‘mni tashkil etdi. Bunga asosiy sabab — yuridik shaxslarga berilgan muammoli kreditlar bo‘lib, banklar katta rezervlar tuzishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq Fitch 2025 yil yakuniga qadar “Aloqabank”, “Asakabank” va “O‘zsanoatqurilishbank” kabi 1-2 ta yirik davlat bankini xususiylashtirish muddati kechikishi mumkinligini bashorat qilgan edi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling