Farg‘onada Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan 14700 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1983 va 1993 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaro shaxsiy boylik orttirish maqsadida o‘zaro til biriktirib, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining Quvasoy shahri hududidan o‘tuvchi qismida avvaldan kelishilgan holda, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosidan 8000 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishadi.
So‘ngra, ushbu dori vositalarini kelgusida sotish maqsadida Qo‘qon shahrida ijaraga olingan xonadonga olib borgan vaqtlarida ushlandi.
Qo‘qon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, mahalliy advokatlik byurosi advokati hamda 1974 va 1984 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, vitamin dori vositalari ko‘rinishida qadoqlangan jami 4400 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 180 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur 3 nafar qonunbuzarning barchasi muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Boshqa holatda esa Farg‘ona-Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan, 1983 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan sudlangan shaxs boshqaruvidagi avtomashina Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatildi.
Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtotransport vositasining salon qismida 100 dona “Tropikamid” va 559 dona “Regapen” nomli jami 110 mln so‘mlik kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsga dorilarni sotgan - Farg‘ona tumanida yashovchi, 1981 y.t. fuqaro Qo‘shtepa tumanida boshqa xaridorga 1400 dona “Regapen” kuchli taʼsir taʼsir qiluvchi dori vositalarini 2800 AQSH dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Xuddi shu yo‘nalishda harakatlanayotgan yana bir avtomashina ham Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salonida Qo‘qon shahrida yashovchi, mukaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, 1981 y.t. shaxsga tegishli umumiy qiymati 75 mln so‘mlik 250 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Taʼkidlash lozimki, barcha holatlarda kuchli taʼsir qiluvchi vositalar Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.