Farg‘ona viloyati xitoylik investorlar bilan uchta yirik loyihani muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning "Hunan Zhongwei Group" kompaniyasi direktori Chen Minbo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda kompaniya vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda erishilgan kelishuvlarning amaliy samarasi sifatida Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida qurilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsion loyihalar muhokama qilindi.
Investorlar tomonidan hozirda uchta aniq loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, Marg‘ilon shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-maʼrifiy turizm markazi hududida 12 qavatli zamonaviy mehmonxona, unga yondosh hududda yirik xalqaro savdo markazi barpo etiladi va Farg‘ona shahridagi “Baqay” kichik sanoat zonasida Foshan ishlab chiqarish texnoparki qurilib, 20 tadan ortiq korxonalar joylashtiriladi.
Muloqotda mazkur investitsion loyihalar joylashuvi, ko‘rinishi hamda iqtisodiy samaradorligi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Loyihalarni yana-da takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni tadbiq etish kabilar xususida fikr almashildi.
Uchrashuvda ushbu loyihalarni qisqa fursatlarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.