Farg‘ona va Xitoyning “Yanshi Dehai” kompaniyasi qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning yaqinda Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi o‘z samarasini bermoqda. Xususan, bu tashrif davomida erishilgan kelishuvlar amaliy bosqichga o‘ta boshladi.
Shu munosabat bilan Xitoyning "Xinjiang Yanshi Dehai Agricultural Technology Co., Ltd" kompaniyasi vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Mazkur kompaniya urug‘chilikdan to paxtani qayta ishlashgacha bo‘lgan bosqichlarda boy tajribaga ega hisoblanadi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya vakili Yan Xu boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Uchrashuvda Farg‘onada urug‘chilik sohasini rivojlantirish, jahon standartlariga mos paxta xomashyosini etishtirish va uni chuqur qayta ishlash masalalari muhokama etildi.
Muloqot davomida aniq takliflar asosida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Ushbu tashabbus viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qiymat zanjirini yanada mustahkamlash, yangi texnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi bilan e‘tiborlidir.