Farg‘ona va Qashg‘ar qardosh shaharlarga aylandi: hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati rasmiylari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Xitoyning Sinszyan-Uyg‘ur muxtor rayonidagi Qashg‘ar shahriga tashrif buyurib, samarali uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.
Tashrif doirasidagi asosiy voqealardan biri Farg‘ona va Qashg‘ar shaharlari o‘rtasida qardoshlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha memorandum imzolanishi bo‘ldi. Tomonlar turizm, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, urug‘chilik hamda zamonaviy loyihalarni amalga oshirish kabi sohalarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, «Dilrabo Travel» (Farg‘ona) va «Kashi Katie International Travel» turistik kompaniyalari o‘rtasida 2,5 million AQSH dollariga teng shartnoma imzolandi.
Qo‘qon shahri va Qashg‘ar viloyatining Zepu uyezdi vakillari ham uchrashuv o‘tkazib, turizm salohiyatini muhokama qildilar, maʼlumotlar almashdilar va hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Muzokaralar yakunida kommunal ishlab chiqarish, robototexnika va boshqa yo‘nalishlarda kelishuvlarga erishildi.
Altiqo‘riq tumani va dunyodagi eng yirik uzumchilik markazlaridan biri hisoblangan Turfan shahri vakillari ham uchrashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Farg‘ona delegatsiyasi 40 ming gektar maydonda 560 nav uzum yetishtiriladigan xo‘jalik faoliyati bilan tanishdi. Tomonlar Altiqo‘riq tumani imkoniyatlarini hisobga olgan holda uzumchilik sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Tashrif doirasida farg‘onalik mehmonlar sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdilar, Qashg‘arning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildilar va madaniy tadbirlarda ishtirok etdilar.