Farg‘ona hokimi Janubiy Koreya elchisi bilan hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yonni qabul qildi.
Uchrashuvda iqtisodiy-investitsiyaviy, ta’lim, kasb-hunarga o‘rgatish, migratsiya kabi sohalarda olib borilayotgan hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etib, do‘stona va ishonchli hamkorlik hududlararo aloqalarda o‘z samarasini berayotganligini ta’kidladi. Joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovlarida xalq irodasi asosida yangi Prezident Li Chje Myon saylangani, bu esa O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
Bugungi kunda koreyalik investorlarning viloyatimizga qiziqishi ancha ortganligi, hududlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotganligi, yangi loyihalar bo‘yicha ishlar davom etayotganligi bildirildi. Shuningdek, yaqinda viloyat delegatsiyasining Koreyaning Ulsan shahriga tashrifi orqali yirik kompaniyalar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi va muhim kelishuvlar amalga oshirilishi rejalashtirilganligi ma’lum qilindi. Ushbu tashrif hamkorlikni yanada rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Elchi Von Do Yon ikki davlat o‘rtasida manfaatli hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganligi, xususan, Farg‘ona viloyati bilan bu boradagi ishlar juda faollashayotganligini bildirdi. Xavfsiz va kafolatli migratsiya borasidagi ishlarni qayd etib, viloyatdagi KOICA, Farg‘ona shahrida Ulsan shahriga malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi faoliyatini yuqori baholadi.
Uchrashuvda Koreyadagi yirik korxonalarda ishlash uchun koreys tilini bilish muhim ekanligiga e’tibor qaratilib, har bir tumanda koreys tili o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha ham fikr almashildi. Shuningdek, Koreya xalqaro universiteti faoliyati, bilim dargohida ta’lim olayotgan talabalarning yutuqlari va Koreyada 3+1 dasturi asosida o‘qitilib, ishga joylash kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Bildirilgan takliflar asosida hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ma’lumot o‘rnida: hozirgi kunda viloyatimizda Janubiy Koreya korxonalari kapitali ishtirokida 48 ta korxona faoliyat olib bormoqda.