FAO va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish maqsadida yer qonunchiligini modernizatsiya qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida “Yer kodeksini qayta ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida O‘zbekistonda yer munosabatlari va yerdan foydalanish sohasidagi huquqiy asoslarni takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli muhokamalar o‘tkazildi.
Mazkur texnik hamkorlik loyihasi O‘zbekistonning yer boshqaruvi tizimini xalqaro ilg‘or tajribalarga muvofiq modernizatsiya qilish, yer munosabatlari va yerdan foydalanish sohasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, yer huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining samarali bozorini shakllantirishga yo‘naltirilgan.
FAOning xalqaro ekspertlar guruhi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, delegatsiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mutaxassislari bilan ham alohida muloqotlar olib bordi.
— Ushbu missiya O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligida yer boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorligimizda muhim qadam hisoblanadi, — dedi loyiha koordinatori Narimon Nishonov. — FAO ekspertlari tomonidan ilgari surilgan tavsiyalar yer islohotlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bilan birga milliy ustuvor yo‘nalishlarni ham qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida yer mulkini mas’uliyatli boshqarish bo‘yicha xalqaro mezonlar asosida tenglik, oshkoralik va jamoatchilik ishtirokini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, ekspertlar Sirdaryo viloyatining Oqoltin va Sardoba tumanlarida qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqarish amaliyotini ham o‘rgandi.
O‘tkazilgan tahlillar va maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston yer qonunchiligini takomillashtirish, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot maqsadlari hamda barqaror yer boshqaruvi tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.