FAO O‘zbekistonda veterinariya xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun muzlatgichlar yetkazib berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga “Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvi asosida pandemiyaga tayyorgarlik va javob choralar” loyihasi doirasida 70 dona muzlatgich topshirildi.
Rasmiy topshirish marosimi Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Muzlatgichlar butun mamlakatdagi veterinariya laboratoriyalarining texnik imkoniyatlarini oshiradi. Ular hayvonlarning yuqumli kasalliklarini aniqlash va monitoring qilish uchun zarur bo'lgan biologik namunalar, ozuqaviy muhitlar, diagnostika reagentlari va boshqa materiallarni saqlash uchun tegishli sharoitlarni ta'minlaydi.
“Maqsadimiz O‘zbekiston veterinariya tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish, hayvonlar va odamlar salomatligini muhofaza qilish maqsadida laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, veterinariya nazorati samaradorligini oshirishdan iborat”, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Muzlatgichlardan tashqari, FAO tomonidan antibiotiklardan oqilona foydalanish va sut va parrandachilikda ulardan foydalanishni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida 3000 nusxa bosma axborot materiallari sovg‘a qilindi. Shuningdek, veterinariya shifokorlari va fermerlar uchun hayvonlar kasalliklarining oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar tayyorlandi. Ushbu materiallar mikroblarga qarshi chidamlilikni rivojlantirish xavfini minimallashtirish hamda mutaxassislar va fermerlar o'rtasida xabardorlikni oshirishga qaratilgan.
“FAO Davlat veterinariya qo‘mitasi bilan uzoq vaqtdan beri faol hamkorlik qilib kelmoqda va biz veterinariya infratuzilmasini mustahkamlashda davom etamiz, – dedi Sherzod Umarov. “Yaqin kelajakda zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, jumladan raqamli va binokulyar LED mikroskoplar, sut tekshirgichlar, pH o‘lchagichlar va boshqa muhim vositalarni xarid qilish va topshirishni rejalashtirganmiz”.
FAO ushbu loyihani va O‘zbekistonda veterinariya xizmatining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilishga qaratilgan boshqa tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Tashkilot infratuzilmani rivojlantirish, mamlakatda veterinariya nazorati samaradorligini oshirish uchun zarur asbob-uskunalar va ekspert yordami bilan ta’minlashga sodiq qoladi.