Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Erondagi elchisi Fariddin Nasriyev Mozandaron viloyatida Savdo-sanoat, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi palatasi hamda mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuv va biznes-forum o‘tkazdi, deb xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi.
Uchrashuvda tovar aylanmasini oshirish va investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Eron tomoni O‘zbekistonda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni, jumladan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozli muddatni uzaytirishni yuqori baholadi.
Mozandaron tadbirkorlari qishloq xo‘jaligi texnologiyalari (guruch va sitrus mevalarni yetishtirish) sohasida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar davomida Ali Tagipur boshchiligidagi biznes-delegatsiyaning 15–19 yanvar kunlari O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.