Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
O‘zbekiston 13/11/2024 Energiyadan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha talabalar qanday fikrda?

Energiyadan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha talabalar qanday fikrda?

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan talabalar o‘rtasida elektr energiyasini tejash va energiya samaradorligi bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi.

Metodologiya: Tadqiqot MHTI tomonidan ishlab chiqilgan so‘rovnoma orqali olingan ma’lumotlarni tahlil qilishga asoslangan. So‘rovnoma tizimli savollar to‘plamini o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularning har biri respondentlarning energiyani tejash borasidagi xabardorlik darajasini baholashga qaratilgan. So‘rovda respublikaning barcha hududlaridagi 22 ta universitetning 7 ming nafardan ortiq talabasi ishtirok etdi.

Xabardorlik darajasi: Respondentlarning kattagina qismi (58 foiz) hukumatning energiya samaradorligi sohasidagi asosiy tashabbuslari va "O‘zbekiston-2030" strategiyasi, 2019-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasining "yashil" iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi kabi strategik hujjatlar va dasturlardan xabardor.

So‘rovda qatnashganlarning 88,4 foizi energiya tejamkorligi qoidalaridan xabardor (talabalarning 47,8 foizi o‘z xabardorligini yuqori, 40,6 foizi o‘rtacha, deb baholaydi) va faqat 11,6 foizi bu haqida yaxshi ma’lumotga ega emasligini ta’kidlagan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, talabalar yuqori kursga o‘tishi bilan elektr energiyasi, suv va gaz xarajatlari haqida ko‘proq xabardor bo‘ladi: xarajatlar haqida biladigan va mustaqil ravishda haq to‘laydiganlarning ulushi asta-sekin o‘sib boradi (1- va 4-bosqichlarda mos ravishda 14,2 foiz va 33,2 foiz), ayni paytda bu masalaga qiziqmaydiganlar ulushi qisqaradi (1-bosqichda 21,2 foiz, 4-bosqichda 11,1 foiz).

Asosiy natijalar: Respondentlarning 85,2 foizi elektr energiyasini tejash choralarini ko‘rmoqda. Bularning orasida chiroqlarni o‘chirish, tejamkor lampochkalardan foydalanish va elektr jihozlaridan oqilona foydalanish kabi keng tarqalgan choralar ham bor. Talabalarning taxminan 42,7 foizi energiyani tejash jarayoniga o‘z oila a’zolarini ham jalb etmoqda. Bu esa yoshlar orasida yuqori darajadagi ongli munosabat va umumiy mas’uliyat hissi mavjudligini anglatadi.

Shu bilan birga, talabalarning qariyb 14,8 foizi energiyani tejash choralarini ko‘rmaydi. Ularning 33,8 foizi qulaylik maqsadida energiyani tejash uchun hech qanday chora ko‘rmasligini, 26 foizi bu haqda o‘ylamaganligini ma’lum qilgan. Ushbu tendensiyalar yosh avlodning energiyani tejash va buning ahamiyati haqidagi xabardorlik darajasini yanada oshirish zarurligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari O‘zbekistonda talabalarning energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi bo‘yicha xabardorligi yetarlicha yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda talabalarning faolligini yanada oshirish imkoniyatlari ham mavjud. Yoshlarni energiya iste’moli bo‘yicha barqaror amaliyotlarga jalb qilish ekologik mas’uliyatli jamiyatni shakllantirish yo‘lidagi muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

Natijalarni umumlashtirish talabalarning energiya tejamkorligi va buning ekologik va ijtimoiy afzalliklari haqidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishni tavsiya qilish imkonini beradi. Maqsadli axborot dasturlari, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi treninglar, ixtisoslashtirilgan kurslar va energiyani tejash sohasidagi loyihalar bo‘yicha talabalar tanlovi shular jumlasidandir. Bularning barchasi yoshlarda energiya samaradorligini oshirish ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling