Valyuta kurslari 13/03/2025
$1 – 12920.00
UZS – -0,09%
€1 – 14102.18
UZS – -0,04%
₽1 – 149.52
UZS – -0,44%
Qidirish
Iqtisod 11/02/2025 Elektr transport vositalari utilizatsiya yig‘imi haqida

Elektr transport vositalari utilizatsiya yig‘imi haqida

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1-mayidan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi gibrid avtomobillarga belgilangan miqdorlarga tenglashtirilganligi yuzasidan ko‘plab fikrlar bildirilmoqda.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 52-son qaroriga muvofiq, ishlab chiqarilganiga 3-yildan ortiq bo‘lmagan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi miqdori BHMning 30 barobaridan 120 barobariga hamda ishlab chiqarilganiga 3-yildan ortiq bo‘lgan elektromobillarga BHMning 90 barobaridan 210 barobariga oshirildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi moliyachi yoki iqtisodchi ekspertlar, blogerlar ushbu masalaga go‘yoki iste’molchilar manfaatlarini o‘ylab mavzuga doir turli fikrlarni yoritib, obunachilarni salbiy

va asoslanmagan ma’lumotlarga ishontirish, davlat haqida salbiy bayonotlar bilan mashhurlikka erishishga urinishlarni kuzatish mumkin.

Ba’zi ekspertlar tomonidan ushbu qaror – “mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda eksport hajmini oshirish uchun qilingan” degan fikrlar bildirilib, ushbu masalada salbiy xulosalar chiqarilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tashqi savdoni tashkil etish sohasida uzoq yillar davomida turli rahbarlik lavozimlarida ishlab, bugungi kunda ushbu sohaga mas’ul departament boshlig‘i lavozimida ishlayotgan vakili sifatida ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri va salbiy izohlarni ko‘rib turib, ayrim fakt va obyektiv fikrlarimni keltirmoqchiman.

Utilizatsiya yig‘imi nimaga kerak va uning miqdorlari nega oshirildi?

Utilizatsiya yig‘imi - ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan transport vositalarining zararli ta’siridan himoya qilish hamda mamlakat sanoat sohalarini rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashda foydalanish mumkin bo‘lgan tashqi savdoni tartibga solish choralaridan biri.

“Yashil” texnologiyalarni barcha sohalarga faol joriy etish, elektromobillar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-dekabrdagi

PQ-443-son qarori amaliyotga joriy etildi.

Ushbu qarorga muvofiq 2030-yil 1-yanvarga qadar respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillar, gibrid avtomobillar utilizatsiya yig‘imini to‘lashdan ozod etildi hamda mazkur imtiyoz individual xarakterga ega emas, balki barcha investorlar va ishlab chiqaruvchi korxonalar foydalanishi mumkin bo‘lgan preferensiya hisoblanadi.

Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholining elektromobil

va gibrid avtomobillarga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotganligini inobatga olgan holda iste’molchilarni “yashil” texnologiyalarga asoslangan mahalliy transport vositalari bilan ta’minlashdan iborat.

Ta’kidlash joizki, akkumulyator batareyalari tarkibida simob, nikel, kadmiy, qo‘rg‘oshin, litiy, marganes, rux kabi ko‘plab kimyoviy moddalar, shu jumladan, inson organizmida to‘planib qoladigan va jiddiy zarar yetkazadigan og‘ir metallar mavjud.

Elektromobillar importi 2021-yilda 809 ta, 2022-yilda 2 180 ta, 2023-yilda 16 084 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda ularning soni 24 095 taga yetdi. Mamlakatimizda 2035-yilga borib 10 ming tonnadan ortiq yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan batareyalar chiqindilari hosil bo‘lishi kutilmoqda.

Avtotransport vositalari qismlari, ayniqsa akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish va chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini ishga tushirish hamda kompleks infratuzilmani yaratish katta mablag‘ va kamida 10-15-yil muddat talab etadi.

O‘zbekistonda elektromobillarga belgilangan utilizatsiya yig‘imi miqdorlarining oshirilishi ekologik muammolarni hal etishdan tashqari, respublikada akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish, chiqindilarni qayta ishlash quvvatlarini yaratishga xizmat qiladi deb hisoblayman.

Jahon tajribasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun bojxona va soliq imtiyozlari taqdim etilib, milliy sanoat sohalarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona bojlari, kvotalar, cheklovlar, sertifikatlar va ekologik standartlar kabi notarif choralar amaliyotga joriy etilgan.

Hozirda ko‘plab xorijiy davlatlarda (Belgiya, Norvegiya, Germaniya, Daniya, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va hokazo) 12125 AQSH dollargacha avtotransport vositalariga utilizatsiya, ekologiya yoki shunga o‘xshash boshqacha nomlar ostidagi yig‘imlar joriy etilgan.

Shu bilan birga, deyarli barcha davlatlarda elektromobillar uchun import bojxona boji stavkalari joriy etilgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich O‘zbekistonda “nol” foizni tashkil etadi.

Misol uchun Hindistonda elektromobillar importiga 125 foizgacha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda 55 foizgacha, Turkiya va Indoneziyada 50 foizgacha, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo mamlakatlarda (Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston) 15 foiz, hatto Xitoy davlatida ham 15 foiz miqdorda.

Bugungi kunda elektromobillarning qariyb 90 foizi Xitoy mamlakatida ishlab chiqarilayotgani hech kimga sir emas.

Keling shundan kelib chiqib, bojxona qiymati 20 ming dollar, kelib chiqish mamlakati Xitoy bo‘lgan yangi elektromobilning transport xarajatlaridan tashqari iste’molchiga yetib kelish narxini aniq hisob-kitoblar bilan ko‘rib chiqamiz. 

Avtomobil sanoati rivojlangan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda 55 foiz bojxona boji, 15 foiz QQS va taxminan 200 dollar utilizatsiya yig‘imi mavjud bo‘lib, bojxona qiymati 20 ming dollar bo‘lgan elektromobil iste’molchiga 34,2 ming dollarga tushadi.

Yoki Rossiyada ko‘rib chiqilayotgan elektromobil importida 15 foiz boj, 255 ming rubl (2,6 ming doll.) aksiz solig‘i va utilizatsiya yig‘imi hamda 20 foiz QQS to‘langanda, elektromobil narxi 29,6 ming dollar bo‘ladi.

Xuddi shu avtoulov O‘zbekistonga olib kirilganda nol foiz bojxona boji, 12 foiz QQS va BHMning 120 barobari (3,5 ming doll.) utilizatsiya yig‘imi to‘lanadi va yakuniy narx 25,9 ming dollarni tashkil etadi.

Bundan O‘zbekistonda iste’molchilar manfaatlari birinchi o‘rinda turganini ko‘rish mumkin.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar nega kerak?

O‘zbekiston avtosanoatida 30 mingdan ortiq, turdosh tarmoqlarda 200 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Keyingi 5-yilda mazkur raqamlar mos ravishda 40 va 260 mingtaga yetishi kutilmoqda. Sohada band bo‘lganlarning 15 foizdan ortig‘ini yuqori malakali mutaxassislar tashkil etadi.

Avtomobilsozlikning multiplikator effekti tufayli – avtomobilsozlikdagi 1 ta ish o‘rni turdosh tarmoqlarda, shu jumladan, metallurgiya, kimyo, elektronika, xizmat ko‘rsatish sohalarida 7-8 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Ushbu sanoat 2024-yilda 5,6 milliard dollar savdo aylanmasini amalga oshirdi hamda 10,1 trln so‘m soliq to‘lab, davlat ulushi mavjud bo‘lgan respublikaning yirik soliq to‘lovchilari orasida yettinchi o‘rinni egalladi.

Jahon bozorida shiddat bilan kuchayib borayotgan shafqatsiz raqobat sharoitida avtomobil sanoatida erishilgan tendensiyalarni va 30 mingdan ortiq ish o‘rinlarini saqlab qolish hamda ularni ko‘paytirish kechiktirib bo‘lmas qat’iy choralarni qo‘llashni talab etadi.

O‘zbekiston avtosanoati haqida qisqacha ma’lumot

Birinchidan, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllantirilmoqda.

Misol uchun, mamlakatimizda bir emas, bir nechta - Andijon (GM Uzbekistan), Jizzax (ADM Jizzakh) va Sirdaryo (Asaka Motors) viloyatlarida avtomobil ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Ikkinchidan, avtosanoatimizga jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan avtomobillarni ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalariga xorijiy kompaniyalar jalb qilinmoqda.

Uchinchidan, mahalliy avtomobillarning turini ko‘paytirish hamda sifati va xavfsizlik talablarini kuchaytirishga katta e’tibor berilmoqda.

Respublikaga importdan olib kirilayotgan avtomobillarga bojxona to‘lovlari miqdorining pastligi ushbu mahsulotlarning bugungi kunda ichki bozordagi narxi arzon bo‘lishiga xizmat qiladi, biroq, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ishlab chiqarish korxonalarining inqirozga yuz tutishi, ishsizlik darajasining ortishi va mamlakat iqtisodiyotining zaiflashishiga olib keladi.

Yana bir muhim jihat, O‘zbekiston yaqin dengizlarga chiqishi uchun kamida ikki davlat hududini bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladigan jahondagi kamdan kam davlatlaridan biri.

Bunday sharoitda transport-logistika xarajatlarining yuqoriligi bois, imtiyozlarsiz avtomobil ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun so‘nggi texnologiyalar bilan qurollangan investorlarni jalb qilish deyarli imkonsiz.

Xorijiy mamlakatlarda avtomobilsozlik qanday rivojlangan?

Bir ijobiy misolni keltiraman.

Turkiya avtomobil sanoati rivojlanishini 4 ta asosiy bosqichga ajratish mumkin.

Birinchi bosqichda – 1960-1970-yillarda ilk avtomobil ishlab chiqarish korxonalari qurilib, ichki bozorni himoya qilishga qaratilgan choralar joriy etildi va import avtomobil o‘rnini bosadigan mahalliy avtomobillarni ishlab chiqarish boshlandi.

Bu davrda butlovchi qismlar importini qat’iy tartibga solish amalga oshirildi, yuqori tariflar va importga cheklovlar o‘rnatildi. Tayyor avtomobillarni import qilish butunlay taqiqlandi. Ichki ishlab chiqarish rag‘batlantirildi.

Ikkinchi bosqichda – 1981-1990-yillarda yangi texnologiyalardan foydalanish tufayli liberallashtirish va quvvatlarni yanada oshirish amalga oshirildi. 1991-1995-yillarda mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar eksporti boshlandi. Bu davrda eksportga subsidiyalar berish, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilarni boj va soliqlardan ozod qilish boshlandi.

Uchinchi bosqichda – 1996-yildan boshlab ishlab chiqarishning to‘liq integratsiyalashuvi yuz berdi. Turkiya avtosanoati mahsulotlarining raqobatbardoshligi esa barqaror va global darajaga yetdi. Bu bosqichda Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo to‘g‘risida bitim imzolandi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.

To‘rtinchi bosqichda – 2015-yilda Turkiya jahon yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik va kooperatsiya strategiyasini qabul qildi. 2024-yilda Turkiya avtomobil sanoati eksporti 37,2 milliard dollarga yetdi.

Bunda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmi 25,3 milliard dollarni yoki umumiy eksportning 68,2 foizini tashkil etdi. Turkiya avtomobil sanoatining o‘zida 500 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan.

Shu o‘rinda xalqaro tajribadan yana 2 ta salbiy misol keltirmoqchiman:

Avstraliya avtosanoati 1970-yillarda eng yuqori darajaga yetib, 90 ming ishchi yilda deyarli yarim million mashina ishlab chiqargan. Biroq, 1980-1990-yillarda Avstraliya hukumati avtomobil sanoatini himoya qiluvchi tariflarni bosqichma-bosqich qisqartira boshladi.

Boj tariflari dastlab 57,5 foizdan 45 foizga tushirildi va 1992-yilda 35 foizga, 2000-yilda 15 foizga, 2005-yilda esa 10 foizga, 2010-yilga kelib 5 foizga tushirildi. Ushbu choralar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qiyinchilik tug‘dirdi.

2013-2014-yillarda Avstraliyaning uchta yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi - Ford, Toyota va GM Holden - o‘z ishlab chiqarish korxonalarini yopishga qaror qildi.

Yangi Zelandiya avtomobil yig‘ish sanoati asosan himoya siyosati – tariflar va import cheklovlari evaziga rivojlangan. Biroq,

1980-yillarga kelib hukumat import qilinadigan avtomobillarga boj stavkalarini pasaytirdi.

Natijada, 1990-yillarning oxiriga kelib Yangi Zelandiyada avtomobil yig‘ish butunlay to‘xtadi hamda 1984-yilda Petone, 1990-yilda Trentham, 1987-yilda Porirua, 1997-yilda Ford, 1998-yilda Toyota, Nissan va Honda ishlab chiqarish korxonalari yopildi.

Jahon savdo tashkilotiga ta’siri haqida

Birinchidan, import bojxona bojlari stavkalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish JST qoida va me’yorlariga zid emas. JSTga a’zo bo‘lmasdan turib, mavjud tarif va notarif vositalardan foydalanmaslik import hajmi ortib, mamlakat YAIM o‘sish sur’atlari pasayishiga olib kelishi ehtimoli juda yuqori.

O‘z navbatida, JST bitim, qoida va me’yorlarida “other duties and charges” (boshqa bojlar va yig‘imlar) tushunchasi mavjud bo‘lib, utilizatsiya yig‘imi mazkur tushuncha doirasida qo‘llaniladi.

JSTga a’zolikka nomzod davlat ushbu turdagi to‘lovlarni Tashkilotga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar davomida kelishgan holda, JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha yakuniy majburiyatlar paketiga kiritishi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasida 23 ta davlat bilan ikkitomonlama muzokaralar yakunlangan.

Biroq, milliy qonunchilikni JST normalari bilan uyg‘unlashtirish masalasi JST a’zosi hisoblanuvchi davlatlar bilan ikkitomonlama formatda kelishilmaydi, balki, JST Kotibiyati bilan yakuniy majburiyatlar paketini kelishish davomida ko‘rib chiqiladi hamda yakuniy majburiyatlar paketi mamlakatimizning mazkur Tashkilotga a’zo bo‘lishi arafasida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, yakuniy kelishuvlarda nazarda tutilgan ayrim majburiyatlar o‘tish davrini o‘z ichiga olishi mumkin.

Ikkinchidan, rivojlanishga intiluvchi davlatlar har doim o‘zida yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi sektorlarni qo‘llab-quvvatlash yoki strukturaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali aholi farovonligini oshirishga harakat qiladi.

Bu jarayonni amalga oshirishda davlat ayrim proteksionistik yo‘llardan, shu jumladan, tarif yoki notarif choralarini kuchaytirishi mumkin.

Sanoatlashtirish – mamlakat iqtisodiyotini strukturaviy o‘zgartirishga yo‘naltirilgan jozibador yo‘nalishlardan biri.

Xalqaro tajribada, masalan Hindistonda ham rivojlanishning ilk davrlarida sanoatni rivojlantirish siyosati tashqi savdo siyosati bilan chambarchas bog‘liqlikda olib borilgan bo‘lib, davlat tomonidan ayniqsa to‘qimachilik va avtomobil sanoati qattiq himoya qilingan.

AQSH import bojxona tariflarini joriy qilgan eng katta proteksionistik davlatlardan biridir.

Bunda proteksionizm tarafdorlari iqtisodiyotning «go‘dak» sektorlarini himoya qilish, mahalliy ish o‘rinlarini yaratish, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq sektorlarni saqlab qolish, iste’molchilarni himoya qilish kabi vajlar bilan importda bojxona to‘lovlari stavkalarini oshirgan.

Yaqqol misol sifatida – 2024-yilning may oyida AQSH hamda oktyabr oyida Kanada Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar importiga 100 foizgacha import bojlarini joriy etdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, qanday xulosaga kelishimiz mumkin?

Amaliyotga tatbiq etilayotgan qarorlarning mazmuni, davlat ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lidagi strategik maqsadlarini tushunib yetmasdan turib, go‘yoki iste’molchilar manfaatlarini himoya qilayotgandek bo‘lib, iqtisodiy samaradorlik asoslariga ega bo‘lmagan fikrlarni bildirish maqsadga muvofiq emas.

Bundan tashqari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, istagan iqtisodchi, ekspert, bloger yoki faollar mazkur kengashga vazirlikning rasmiy saytida (miit.uz) qayd etilgan telefon raqamlar va elektron pochta manzillariga murojaat qilishlari mumkin.

Umuman olganda, bugun bozorimizning xorij avtomobillari uchun to‘liq ochilishi – ertaga ishsizlik, zaif iqtisodiyot va qaramlik degani deb hisoblayman. Shuning uchun:

Birinchidan, monopoliyaga yo‘l qo‘ymasdan respublikada ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash;

Ikkinchidan, mahalliy avtomobillar import qilinganlar bilan raqobatlasha olishi uchun ularning sifatini doimiy ravishda oshirib borish;

Uchinchidan, sanoatning barqaror, uzoq muddatli rivojlanishi uchun o‘zimizning ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik bazamizni yaratish juda muhim deb hisoblayman.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling