«Dovud ota» chegara posti 2025 yil 1 sentyabrgacha yopiq bo‘ladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi «Dovud ota» chegara-bojxona nazorati punktining vaqtincha yopilishi 2025 yil 1 sentyabrgacha uzaytirildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi maʼlum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu chegara posti 2025 yil 1 fevraldan boshlab 3 oy muddatga yopiladi, deya eʼlon qilingan edi.
Yopilish muddati uzaytirilishi O‘zbekiston tomoni bilan kelishilgan holda, “Tajen” chegara postida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari tufayli amalga oshirildi. Ushbu ishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
kapital taʼmirlash,
muhandislik tarmoqlarini yangilash,
neytral hududdagi yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, chegaradan o‘tishni rejalashtirayotgan fuqarolar ushbu cheklovlarni inobatga olishlari lozim.
Aholi va tashuvchilarga alternativ yo‘nalishlardan foydalanish tavsiya etiladi.