Deputatlar Vazirlar Mahkamasining 2024-yilda Davlat dasturi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024-yil yakunlari ijrosi yuzasidan hisobotini muhokama qilmoqdalar.
Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov axborot beryapti.
Majlisda ta’kidlanganidek, hisobot davrida Davlat dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlar doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan.
Davlat dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida barcha zarur choralar ko‘rilgan. 2024-yil yakunida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foizni tashkil qilgan.
Hisobot davrida har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish borasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 76 foiz bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. 115 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti tashkil etilgan. Oliy ta’lim muassasalarida 91 ta talabalar turar-joylarini barpo etish loyihasi amalga oshirilgan.
Aholini tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 40 yoshdan oshgan 10 milliondan ortiq aholi hamda 8 million 162 000 nafar bolalar ommaviy skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida 197,7 ming nafar xotin-qizga 3,3 trln so‘m kredit ajratilgan, 548,8 ming nafarining bandligi ta’minlangan.
Kambag‘allik darajasini qisqartirish yo‘nalishida “Online-mahalla” platformasida hududlar kesimida kambag‘al aholining balansi shakllantirilib, ularga ko‘rsatilayotgan yordamni onlayn monitoring qilish va manzilli ishlash imkoniyatini beradigan “Individual dastur” moduli ishga tushirilgan. Ushbu modulda ijtimoiy himoyaga va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj 729 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha manzilli individual dastur ishlab chiqilib, turli ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 225,9 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan, “yashil bog‘lar” soni 444 taga yetkazilgan. O‘rmonlar maydonini kengaytirish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasida 220 ming gektar maydonda “yashil qoplama”lar himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalariga ustuvorlik berilganini, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini yuqori baholadilar.
Shu bilan birga, davlat dasturida ijro muddati uzaytirilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’uliyatini yanada oshirish lozimligini ta’kidladilar.
Davlat dasturining 2024-yil yakunlari ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasining munosabatlari eshitildi.
Muhokamalar yakunida, Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullanib, Hukumatning tegishli faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.