Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasida olib borilgan islohotlar natijasida 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etildi. 2020-yilda uning maqomini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Hozirgi kunga qadar Milliy gvardiya organlari faoliyatiga oid 17 ta qonun, 50 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinib, Milliy gvardiyaga qator yangi vazifa va funksiyalar yuklatildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasida Milliy gvardiya organlarining vazifalari tizimlashtirilmoqda. Shuningdek, bitta yangi vazifa kiritilmoqda.
Amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimi xizmat vazifalarini bajarishi yuzasidan fuqarolarga murojaat etganda yoki unga fuqaro murojaat etganda o‘zini tanishtirish tartibi belgilanmagan edi. Bu esa, amaliyotda ayrim e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablaridan kelib chiqqan holda “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi Qonunning “Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipi” deb nomlangan 6-moddasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) fuqaroga murojaat etganida hamda o‘ziga fuqaro murojaat etgan taqdirda o‘zini tanishtirishi hamda fuqaroga uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi shartligiga oid norma bilan to‘ldirilmoqda.
Munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.