Qonunchilik palatasi “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 10/09/2025
$1 – 12355.14
UZS – -0,68%
€1 – 14539.53
UZS – -0,3%
₽1 – 148.48
UZS – -2,23%
Qidirish
Qonunchilik palatasi “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi

Qonunchilik palatasi “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi

Qonunchilik palatasi “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.

Loyiha bilan shaharsozlik renovatsiyasi asoslari va maqsadlari, majburiy shartlari, asosiy prinsiplari, renovatsiya bosqichlari, bu borada loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi, sohada davlat boshqaruvi asoslari belgilanmoqda.

Shaharsozlik renovatsiyasi loyihasini boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tartibda kelishuv bitimi imzolanishi nazarda tutilyapti. Ya’ni, hech kim renovatsiyada ishtirok etishga majburlanmasligi hamda renovatsiya ixtiyoriylik prinsipiga asoslanishi mustahkamlanyapti.

Loyihada xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, davlat xususiy mulkning saqlanishini ta’minlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan huquq egalarining manfaatlarini buzishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy kafolatlanmoqda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda esa hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilyapti.

Shuningdek, shaharsozlik renovatsiyasi doirasida huquq egasining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda xususiy mulk huquqini hamda yer egasining yerga bo‘lgan huquqini amalga oshirish borasida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin etilishi aks etmoqda.

Bundan tashqari, renovatsiya loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga kiritish bilan bir vaqtda “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasi, OAV, rasmiy veb-saytlar va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.

Majlisda loyihada nazarda tutilayotgan normalar yer resurslaridan samarali foydalanish, aholini yangi, xavfsiz, zamonaviy, energosamarador, xonadonlar bilan ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani yaratish, hududning arxitektura qiyofasi zamonaviylashuvi va investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling