Condor Energies va “O‘zbekneftgaz” Gazli tumanida gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2025” 27-xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ va Kanadaning “Condor Energies Inc.” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Gazli hududida joylashgan Qumli guruhiga kiruvchi 8 ta konda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma loyiha yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, ushbu loyiha “Condor Energy Development” shoʻba korxonasi orqali amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi – ilgari yetarli darajada o‘zlashtirilmagan maydonlardagi gaz qazib chiqarish faoliyatini qayta tiklash, infratuzilmani yaxshilash va quduqlardan foydalanish samaradorligini oshirish.
"Condor Energies" va "O‘zbekneftgaz" AJning hamkorligi O‘zbekiston energetika sohasidagi islohotlar va zamonaviy texnologiyalar joriy etishga bo‘lgan intilishini yana bir bor tasdiqladi. Loyiha nafaqat gaz qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish, balki mamlakatning energetika infratuzilmasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.