Valyuta kurslari 30/07/2025
$1 – 12500.01
UZS – -0,11%
€1 – 14471.26
UZS – -0,89%
₽1 – 151.96
UZS – -2,85%
Qidirish
O‘zbekiston 08/07/2025 Chorvoq suv omboriga iflos suvlar quyilgani haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanmadi

Chorvoq suv omboriga iflos suvlar quyilgani haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanmadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yoki Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv omboriga iflos suvlar quyilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar idoralararo guruh tomonidan tezkor o‘rganildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh vazir huzuridagi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi hamda tegishli tashkilotlar mutaxassislari Navobod mahallasida joylashgan suv omborining kuzatuv maydonchasini joyiga chiqib tekshirishdi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Tekshiruv davomida 600 mm diametridagi quvurdan chiqarilayotgan suv kanalizatsiya oqavalari emas, balki dehqon xo‘jaligining bog‘larini sug‘orish uchun mo‘ljallangani aniqlandi. Shuningdek, hududdagi polipropilen quvurlar orqali elektr kabellari o‘tkazilgani maʼlum bo‘ldi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ekologiya boshqarmasi va sanitariya-epidemiologiya xizmatlari mutaxassislari tomonidan suv namunalari olib, laboratoriya tahlili o‘tkazildi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, suvda ifloslantiruvchi moddalar aniqlanmadi, uning tarkibi amaldagi sanitariya meʼyorlariga (SanPiN 0083-24) to‘liq mos ekani qayd etildi.

Qolaversa, hududda “Baxachol” markazlashgan kanalizatsiya kollektori faoliyat yuritmoqda, u «Chimyon-Chorbog‘ magistral suv tarmog‘i» AJ tasarrufida bo‘lib, aholi, byudjet va xo‘jalik subyektlarining chiqindi suvlari shartnomalar asosida Chirchiq shahridagi tozalash inshootlariga yo‘naltiriladi.

Chorvoq suv ombori perimetridagi keng ko‘lamli tekshiruv ham iflos suvlarning suv omboriga yoki suv oqimlari orqali tushishi holatlarini tasdiqlamadi.

Shuningdek, gidrotexnik inshootlarning xavfsizligi va texnik holatiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillar ham qayd etilmadi.

Shu tariqa, Chorvoq suv omboriga noqonuniy ravishda iflos suvlar quyilayotgani haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanmadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling