Chilonzor tumanida minorali qurilish krani ag‘darilib ketdi: bir kishi halok bo‘ldi, ikki kishi jarohatlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8 sentyabr kuni taxminan soat 18.00 larda Chilonzor tumani, Tirsakabod ko‘chasida olib borilayotgan qurilish hududida, minorali qurilish kranini o‘rnatish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi taʼminlamaganligi sababli kran qulab tushgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabar berdi.
Natijada o‘rnatish ishlarini olib borayotgan yollanma ishchi 2000 yilda tug‘ilgan L.A. olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, yollanma ishchilar 2004 yilda tug‘ilgan I.Q. hamda 2000 yilda tug‘ilgan M.A. turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Chilonzor tumani IIO Tergov bo‘limi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, tergov harakatlari davom etmoqda.