Centrum Air parki yana bir keng fyuzelyajli Airbus A330-300 bilan to‘ldirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro aeroportida Centrum Air aviakompaniyasi parkiga qo‘shilgan yangi keng fyuzelyajli Airbus A330-300 (ro‘yxatdan o‘tkazish raqami UK33031) samolyoti tantanali tarzda kutib olindi. Bu aviakompaniya parkidagi mazkur turdagi uchinchi samolyot bo‘lib, kompaniyaning xalqaro yo‘nalishlardagi mavjudligini kengaytirishga qaratilgan strategik yo‘nalishini ifodalaydi.
Yangi avialayner talab yuqori va strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlarda — Seul, Guanchjou, Bangkok, Istanbul, Jidda va Madinaga reyslarni amalga oshiradi.
Airbus A330-300 358 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy salon jihozlari bilan taʼminlangan: ergonomik o‘rindiqlar, takomillashtirilgan yoritish tizimi va uzoq masofaga parvoz qilish uchun qulayliklar bilan jihozlangan. Bu yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasini oshirish va aviakompaniyaning tashish salohiyatini kengaytirish imkonini beradi.
Centrum Air parkida uchta keng fyuzelyajli Airbus A330-300 mavjudligi xalqaro marshrut tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish, kompaniyaning transqitʼa yo‘lovchi tashish bozoridagi mavqeini mustahkamlash va parvozlar geografiyasini kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
«Uchinchi Airbus A330‘ning kelishi — bu bizning ambitsiyalarimiz va ishonchli harakatimiz ramzi. Har bir yangi samolyot yo‘lovchilarimiz uchun yangi imkoniyatlar, yangi yo‘nalishlar va yangi xizmat darajasini taqdim etadi. Biz parvozlarni O‘zbekistondan Osiyo va Yaqin Sharqning yirik shaharlariga nafaqat ko‘proq imkoniyatli, balki yana-da qulay qilishni istaymiz. Centrum Air kelajakni barpo etmoqda — sayohat bu lyuks emas, balki hayotning tabiiy qismi bo‘lishi kerak», — deya taʼkidladi Centrum Air asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abduraxmonov.