Centrum Air o‘zining birinchi Airbus A330 samolyotida spotterlar uchun eng yirik aviatsiya turini o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 11 may kuni Centrum Air aviakompaniyasi aviatsiya ishqibozlari uchun o‘z tarixidagi eng yirik spotterlar turini tashkil qildi.
50 dan ortiq ishtirokchi — ular orasida professional fotograflar, blogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va aviatsiya muxlislari bor — Toshkentdan Urganchga maxsus parvozni amalga oshirishdi. Parvoz Centrum Air aviaparkiga yaqinda qo‘shilgan birinchi keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyoti bortida amalga oshirildi.
A330 samolyotining flotga qo‘shilishi — kompaniya rivojlanish strategiyasida muhim bosqich bo‘ldi. Yangi layner 347 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan, bu avval foydalanilgan A320 turdagi samolyotlar sig‘imidan qariyb ikki barobar ko‘pdir. Shuningdek, A330 yo‘nalish bo‘yicha 10 tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega.
«Keng fyuzelyajli samolyotni joriy etish Centrum Air uchun yangi istiqbollar eshigini ochadi. Biz Saudiya Arabistoni, Xitoy va Tailand kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qulay va hamyonbop parvozlar bilan taʼminlashga intilayapmiz. Airbus A330 — parvozlar geografiyasini kengaytirish strategiyamizda markaziy rol o‘ynaydi», — dedi Centrum Air marketing direktori Andrey Osinsev.
A330 samolyotining spotterlar ishtirokidagi ilk parvozi — kompaniyaning ochiqlikka, shuningdek, mamlakatda aviatsiya madaniyatini rivojlantirishga intiluvchanligini ifoda etuvchi ramziy qadam bo‘ldi. Parvoz yo‘nalishi sifatida Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy markazi — Urganch shahri tanlandi, bu esa aviakompaniyaning O‘zbekistonni tranzit va turistik xab sifatida ilgari surish bo‘yicha ulkan maqsadlarini yana-da yorqin namoyon etadi.
Centrum Air innovatsiya, hamyonboplik va qulaylikka asoslangan yangi avlod havo tashuvchisi sifatida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashda davom etmoqda.