Centrum Air aviaparki o‘zining ilk uzoq masofaga mo‘ljallangan Airbus A330−300 samolyoti bilan to‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Centrum Air kompaniyasi o‘zining ilk uzoq masofaga mo‘ljallangan, keng fyuzelyajli Airbus A330−300 samolyotini qabul qildi. Samolyot 30 aprel kuni Bangkokdan Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Centrum Air kompaniyasida maʼlum qilinishicha, 347 yo‘lovchiga mo‘ljallangan Airbus A330 samolyoti uzoq masofali reyslarni amalga oshirish hamda yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish uchun foydalaniladi.
Hozirda xususiy Centrum Air aviakompaniyasi parkida sakkizta samolyot mavjud: beshta Airbus A320−200, ikkita A321neo va bitta A330−300. Ushbu uchuv apparatlarining o‘rtacha yoshi 13 yildan bioz ko‘proqni tashkil etadi. Yaqin vaqt ichida kompaniya yana uchta yangi samolyot qabul qilishi kutilmoqda.
Planespotters.net portali maʼlumotiga ko‘ra, ushbu samolyot 2009 yilning oxirida Tuluzada ishlab chiqarilgan. 2020 yilga qadar u Thai Airways aviakompaniyasi tarkibida parvoz qilgan, ammo COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan so‘ng 2024 yil sentyabrigacha Bangkok aeroportida saqlanib turgan.
Samolyotning so‘nggi egasi Irlandiyaning Aergo Capital kompaniyasi bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, Centrum Air ushbu samolyotni lizing asosida qabul qilgan.