Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
Sport 12/07/2025 «Bu kutilmagan holat edi»: Ulug‘bek Rashitov o‘z diskvalifikatsiyasi bo‘yicha izoh berdi

«Bu kutilmagan holat edi»: Ulug‘bek Rashitov o‘z diskvalifikatsiyasi bo‘yicha izoh berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov dopingga qarshi qoidalarni buzganligi uchun ikki yilga musobaqalardan chetlatilgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.

Xalqaro doping sinovlari agentligi saytidagi maʼlumotga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchi bir yil ichida uch marta o‘z joylashuvi to‘g‘risida maʼlumot berish majburiyatini buzgan.

Rashitov ushbu holat yuzasidan o‘zining Instagram sahifasida izoh berib o‘tdi. U taʼkidlashicha, jazo taqiqlangan moddalarni qo‘llaganlik uchun emas, balki aynan joylashuv haqida maʼlumot berish tartibi buzilgani uchun qo‘llangan. U tushuntirishicha, har bir sportchi maxsus elektron tizim orqali kunlik ravishda yashash manzili, safar yo‘nalishlari va tunda qoladigan joylar to‘g‘risida maʼlumot kiritib borishi shart.

Taekvondochining aytishicha, qoidalardan biri 2024 yil noyabrida ro‘y bergan — o‘sha kuni doping ofitserlari soat 6:00 da unga kelishgan, holbuki Rashitov tizimda soat 21:00 deb ko‘rsatgan. «Bu qadar erta kelishlarini umuman kutmaganman. Hatto hech kim qo‘ng‘iroq ham qilmadi — faqat SMS keldi. Keyinroq menga hech qanday istisnolar bo‘lmasligi haqida maʼlum qilishdi», — deydi Rashitov. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt oy o‘tgach, bu holat qoidabuzarlik sifatida qayd etilgani va diskvalifikatsiya qaror qilingani haqida rasmiy xabardor qilingan.

Sportchi mazkur qaror uni mutlaqo hayratga solganini tan oldi. «Men shok holatida edim. Oxirgi marta mendan 22 aprel kuni namuna olishdi, “toza” ekanimni tasdiqlashdi, shundan keyin ana shunday qaror qabul qilindi. Endi esa bo‘lgan ish bo‘ldi, o‘zgartirish mumkin emas», — dedi u.

Sodir bo‘lgan voqealarga qaramay, Ulug‘bek Rashitov kelajakka nisbatan ijobiy kayfiyatda qolmoqda. U mashg‘ulotlarni davom ettirish niyatida ekanini bildirib, 2028 yili Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga ishonch bildirgan. «O‘z yurtimni munosib namoyon etish uchun bor kuchimni — hatto imkonimdan ortiqni ham — ishga solaman», — deya taʼkidladi u va muxlislarga ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlashlari hamda tushunuvlari uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling