Valyuta kurslari 12/03/2025
$1 – 12931.94
UZS – -0,06%
€1 – 14107.45
UZS – 0,37%
₽1 – 150.18
UZS – 3,13%
Qidirish
Iqtisod 12/03/2025 Bojxonachilar vagondagi tosh plitalar orasiga 7,5 mlrd so‘mlik sigaret yashirilganini fosh qilishdi

Bojxonachilar vagondagi tosh plitalar orasiga 7,5 mlrd so‘mlik sigaret yashirilganini fosh qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda yirik miqdorda – 155 ming qutidan ziyod tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga urinish bartaraf etildi.

Tezkor tadbirda tadbirkorlik subyektlaridan birining nomiga keltirilgan hamda tezkor kuzatuvga olingan temir yo‘l vagoni Toshkent shahridagi bojxona omborlaridan birida ko‘rikdan o‘tkazildi.

Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, vagonga travertin plitalari ortilgan bo‘lib, ko‘rik davomida ushbu toshlar orasida mohirlik bilan yashirin bo‘shliq hosil qilingani fosh bo‘ldi. Qarang-ki, mazkur bo‘lmalarga zarqog‘ozga o‘ralgan 51 dona qog‘oz qutilar yashirilgan ekan.

Ushbu qutilar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, ularning ichida 76 ming 500 quti tamaki mahsulotlari yashirilgani fosh bo‘ldi.

Tezkor tadbir Buxoro viloyatida ham davom ettirildi. Tezkor tuzilmalar xodimlari “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti vakillari bilan birgalikda aynan ushbu tadbirkorlik subyekti nomiga keltirilgan yana bir vagonni ko‘zdan kechirishdi.

Qarang-ki, ushbu vagonga ham xuddi yuqoridagi kabi travertin plitalari orasiga zarqog‘ozga o‘ralgan 91 dona qog‘oz qutilari yashirilgani fosh bo‘ldi.

Mazkur qutilarda ham O‘zbekiston Respublikasining aksiz markasi bilan qadoqlanmagan, sifatini va tabiiyki bojxona rasmiylashtiruvini ham tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 79 ming 90 quti sigaret borligi aniqlandi.

Shunday qilib yuqoridagi tezkor tadbirlar davomida huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan 155 ming 590 quti tamaki mahsulotlrining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 7,5 mlrd so‘mdan oshmoqda.

Tovarlarni bojxona nazoratidan yashirish evaziga yuk egalari davlat byudjetiga undiriladigan 2,2 mlrd so‘mlik bojxona to‘lovlaridan qochishni ko‘zlashgan edi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, respublikamiz bojxonachilari yil boshidan buyon aniqlangan 132 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 13 mlrd so‘mdan ziyod 300 ming quti tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling