Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
Madaniyat 12/04/2025 BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori bilan uchrashuv o‘tkazildi

BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori bilan uchrashuv o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabina Maxl bilan uchrashdi.

Unda dastlab Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida eʼtibori bilan qabul qilingan qaror va farmonlar asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari haqida taʼkidlab o‘tdi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, turizmni rivojlantirish borasidagi hamkorlik, madaniy meros obyektlariga eʼtiborni kuchaytirish, ularni asrab-avaylash, o‘tmishdan darak beruvchi tarixiy obidalar, ko‘p asrlik madaniyatimiz va milliyligimiz durdonalarini eʼzozlash, ularning YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilishini taʼminlash, ilm-fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, milliy merosimiz bo‘lgan ijrochilik sanʼatining eng sara namunalari hisoblangan baxshichilik, jirovchilik, qissaxonlik, opera sanʼatlari bizda keng rivojlanganligi, so‘nggi yillarda musiqiy merosimiz bo‘lgan Qo‘biz va jirovchilik anʼanalarini muhofaza qilishga hamda jirovchilik sanʼatini yana-da rivojlantirishga yuqori eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlandi.

Taʼkidlash joizki, hurmatli Prezidentimizning alohida topshirig‘i bilan Qora uyni (Qoraqalpoq o‘tovi) YUNESKOning nomoddiy madaniy meroslari ro‘yxatiga, Qo‘biz cholg‘usini esa YUNESKOning muhofaza ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, amaliy ishlar doirasida Qoraqalpog‘istonning madaniy merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlar uchun saqlab qolish maqsadida YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan Qo‘biz cholg‘u asbobi hamda jirovchilik merosi haqida hujjatli film tayyorlandi.

Uchrashuv yakunida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi hamkorlikni yana-da kengaytirish borasida respublika rahbarlari doimo tayyor ekanligini va har qanday taklif qo‘llab-quvvatlanishini taʼkidladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling