BMT Taraqqiyot Dasturi vakillari bilan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasining Samarali boshqaruv klasteri rahbari Kamila Muhammadxanova hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Kichik va oʻrta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qoʻllab-quvvatlash va davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti direktori Timur Xusanov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, o‘zaro amalga oshirayotgan loyihalarining joriy holati, xususan, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar, davlat xaridlari sohasida ayol tadbirkorlarning malakasini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuvda BMT Taraqqiyot Dasturi, «Hamroh» xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Mazkur loyihada O‘zbekistondagi tadbirkor ayollar o‘rtasida moliyaviy va raqamli savodxonlikni mustahkamlash, ayollar boshchiligidagi kichik va o‘rta korxonalar uchun moliyalashtirish hamda bozorlarga kirish imkoniyatini yaxshilash, ular uchun yanada inklyuziv siyosat muhitini yaratish ko‘zda tutilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yanada mustahkamlashga kelishib oldi.