Belarus elchisi va Farg‘ona viloyati hokimi uchrashdi: hamkorlik va umumiy tarixiy xotiraga eʼtibor qaratildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 17 may kuni Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Unda o‘zaro va manfaatli hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Viloyat rahbari yangi ish boshlagan elchining ishlariga muvaffaqiyat tilab, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belarusь o‘rtasidagi ishonchli va do‘stona munosabatlar yangi bosqichga chiqib, ko‘plab sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligini ta‘kidladi.
2024 yilda Farg‘ona viloyatining Belarusь Respublikasi bilan tashqi savdosi 25,5 million dollarni tashkil etdi. 2025 yilning birinchi choragida esa aylanma 5,4 millionga etdi. Hozirda viloyatimizda Belarusь kapitali ishtirokidagi 4 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, oziq-ovqat va kimyo, metallurgiya va to‘qimachalik kabi turli yo‘nalishlarda savdo turlari kengayib bormoqda.
Muloqotda viloyatning investision salohiyati va imkoniyatlari haqida ma‘lumot berildi. Ta‘lim, madaniyat, turizm, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, engil sanoat, axborot texnologiyalari kabi qator yo‘nalishlarda aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Go‘sht-sut sanoatida loyihalarni amalga oshirish, qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish, mutaxassislar tayyorlash masalalari haqida ham so‘z bordi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yuzasidan aloqalarni yanada mustahkamlash, aniq loyihalar ustida ish olib borishga kelishib oldilar.