AQSh va O‘zbekiston oliy ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15-may kuni AQShning Yuta shtati Senati Prezidenti Adams Styuart va Jahon savdo tashkiloti rahbari Jef Fleyk boshchiligidagi delegatsiya Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni vazir o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov boshchiligidagi hay’at kutib oldi va mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan texnika va muhandislik sohalaridagi kadrlar tayyorlashga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi.
Muloqotda energetika, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmasevtika yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda 40 ta O‘zbekiston OTMlari AQShning 25 dan ziyod universitet va ta’lim muassasalari bilan memorandumlar asosida hamkorlik qilmoqda.
Bu hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar va forumlar, malaka oshirish kurslari, amerikalik mutaxassislarning O‘zbekiston OTMlarida dars o‘tishi kabi tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Adams Styuart joriy yil may oyida Samarqandda tashkil etilgan AQSh-O‘zbekiston qo‘shma ilmiy konferensiyasini misol tariqasida keltirib, o‘zaro aloqalar yanada mustahkamlanishiga umid bildirdi.