Andijonda 157 mlrd so‘mlik xato bartaraf etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijonda texnik xatolik sababli yuzaga kelgan 157 milliard so‘m miqdoridagi soliq qarzi bekor qilindi. Bu haqda Prezident huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil matbuot xizmati xabar berdi.
Andijon shahridagi tadbirkorning Virtual ofis orqali yo‘llagan murojaati Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etildi. Ishbilarmon murojaatida o‘zining faoliyatida o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasidan noroziligini bildirgan.
Aniqlanishicha, tekshiruvda tadbirkorga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha jami 6,5 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq hisoblangan bo‘lsa-da, soliq boshqarmasi tomonidan texnik xatolik bilan 164,1 mlrd so‘mlik talabnoma yuborilgan.
Biznes-ombudsman devoni xodimlarining aralashuvi natijasida qayta aniqlashtirilgan talabnoma yuborilishi taʼminlandi va tadbirkorning 157,6 mlrd so‘mlik xatolik bilan hisoblangan qarzdorligi bartaraf etildi.