Andijon viloyatida qalbaki AQSH dollarlarini sotayotgan shaxs ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan soxta chet el valyutasini muomalaga kiritishga bo‘lgan urinishning oldi olindi. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar matbuot xizmati xabar berdi.
Olib borilgan tezkor tadbir davomida fuqaro B.T. fuqaro M.M.ga qalbaki 1 900 AQSH dollarini haqiqiy 900 AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlanib, 100 AQSH dollarlik kupyuradagi qalbaki dollarlar ashyoviy dilil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar, qalbakiligini bilmagan holda qalbaki valyuta qimmatliklarini olib, uni keyinchalik o‘tkazgan shaxsning qilmishi ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Shu bois, o‘zaro hisob-kitoblarni O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi hisoblangan milliy valyutada amalga oshirish orqali o‘zingizni noqonuniy harakatlardan asragan bo‘lasiz.