Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
O‘zbekiston 16/04/2025 Andijon taraqqiyoti diqqat markazida: Prezident viloyatning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Andijon taraqqiyoti diqqat markazida: Prezident viloyatning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda Andijonda havas qilsa arzigulik o‘zgarishlar bo‘layotganini qayd etdi.

"Kecha viloyatdagi ishlar bilan tanishdim, oddiy odamlar bilan gaplashdim. Ishonch bilan aytishim mumkinki, bu zaminda Yangi O‘zbekiston shukuhi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib ulgurgan. Bu – islohotlarimizning eng katta natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi", - dedi davlatimiz rahbari.

Andijon hamma sohada islohotlar ijrosiga astoydil kirishib, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy o‘zgarishlarni tez olib kirayotgan hududlardan biri ekani taʼkidlandi.

O‘tgan yili viloyatda 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshladi, 51 ta korxona kichikdan o‘rta toifaga o‘tdi, 13 tasi yiriklashdi. Bir yilda 450 ming aholi ishli bo‘ldi.

Viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar obyektlar qad ko‘tardi. Buning hisobiga o‘tgan yili savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat 7,5 foizga oshdi.

"Lekin hayot bir joyda to‘xtab qolmaydi. Odamlar har kuni izlanib, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqayapti, oldimizga katta-katta masalalarni qo‘ymoqda", - dedi Prezident.

Shuni hisobga olib, viloyatga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi aytildi.

Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 16 ta shahar va tuman hokimlari aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi surʼatni saqlab qolishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

"Dunyodagi bugungi iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir hokim favqulodda masʼuliyat olishi lozim", - dedi davlatimiz rahbari.

So‘nggi sakkiz yilda Andijonda dastgohsozlik sanoati 20 karra o‘sgani qayd etildi.

"Kecha yarmarkada ko‘rdim. Viloyatda bu borada katta maktab shakllanib ulgurdi, yangi korxona qilaman, degan tadbirkorlar ham ko‘p. Lekin ikki yilda viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan. Ularni ishlab chiqarishni qancha tez o‘zlashtirsak, iqtisodiyotni yangi texnologik bosqichga o‘tkazishda eng muhim qadam bo‘ladi",- dedi davlatimiz rahbari.

Masalan, Buloqboshidagi “Molekulyar kimyo” korxonasi respublikada yagona bo‘lgan bo‘yash dastgohlarini ishlab chiqarishni boshlagan. Mutasaddilar yana 10-15 ta shunday tadbirkorni topib, ularga sharoit qilib bersa, vaziyat mutlaqo o‘zgarishi taʼkidlandi.

Afsuski, bunday tadbirkorlarga uskunasi uchun sertifikat olish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni qiyinligi, uzoq vaqt talab qilgani sababli ular loyihalarga pul tikishdan xavfsirayapti. Masʼullarga ular bilan yaqin muloqot o‘rnatish va loyihalariga ko‘maklashish topshirildi.

Bundan tashqari, mashinasozlik-konstruktorlik ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish Andijondan boshlanishi belgilandi.

Jumladan, tarmoqlar rahbarlari to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebel, avtomobilsozlik kabi “drayver” sohalarda talab yuqori bo‘lgan kamida 5 turdagi import uskunasining texnik ko‘rsatkichini o‘rganadi. Ularning konstruktorlik yechimlarini mahalliy korxonalarga taklif qiladi. Bunday uskunalarni mahalliylashtirish istagidagi tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Oltinko‘ldagi tadbirkor zovurni yopiq tizimga o‘tkazib, 1,1 gektarda 20 ta savdo va servis obyekti qurgan. Tuman hokimlari hech bo‘lmaganda 30 kilometr zovurni shu tizimga o‘tkazsa, 1 mingta savdo-servis obyekti, 10 ming ish o‘rni yaratish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga butun respublika bo‘yicha trassa bo‘yidagi kamida 300 kilometr zovurlarni belgilab, tadbirkorlarga taklif qilish topshirildi. Yil yakunigacha Oltinko‘l tajribasi asosida 10 mingta savdo-servis joyi va 100 mingta ish o‘rni yaratilishi belgilandi.

Shuningdek, viloyatdagi 21 ming gektar adirni 13 ming gektariga suv chiqarib, ekin ekish mumkin. Mutasaddilarga respublikadagi barcha qir va adirlardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Bunday yerlarga suv chiqarishda nasos ishlatish uchun elektr energiyasi narxi dehqonlarga og‘irlik qilishini inobatga olib, quyosh paneli o‘rnatish uchun moliyaviy instrumentlarni tezroq ishlatish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yildan boshlab tomorqadan foydalanish bo‘yicha yangi tizim ishlamoqda. Masalan, Asaka tumani Otish mahallasidagi 810 ta xonadondan 805 tasida issiqxona bor, ularda yiliga 3 marta hosil olinayapti. Xuddi shunday, Obod mahallasidagi 922 ta xonadon egalari issiqxonalardan samarali foydalanyapti.

Viloyatdagi qolgan 907 ta mahallada ham bu tajribadan unumli foydalanish muhimligi qayd etildi. Mutasaddilarga Asakadagi mahallalarga arzon urug‘ va mineral o‘g‘it yetkazib berish tizimini butun respublikada joriy qilish topshirildi. Bu tizim orqali urug‘ va o‘g‘it 15 foizgacha arzon sotilmoqda.

O‘tgan yilda Andijonda kambag‘allik 11,9 foizdan 9,5 foizga tushgani bilan respublikada 9-o‘rinda turibdi.

Baliqchi va Oltinko‘lda 5 gektardan issiqxona tashkil qilinib, 100 ta ehtiyojmand oila daromadli qilindi. Issiqxona kambag‘al oilalarga 10 sotixdan ikki yilga ijaraga berilgan. Yiliga 3 marta hosil olish hisobiga har bir oila 150-200 million so‘mdan daromad topadi. Tadbirkor ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va yoqilg‘ini yetkazib berib, hosilni o‘zi sotib oladi.

Bu ishlar kambag‘allik yuqori Ulug‘nor, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bunday zamonaviy issiqxonalarni namunaviy tashkil qilgan mahalla raislariga 100 foiz ustama beriladi.

Yoshlarni tadbirkorlik, yerdan samarali foydalanishga o‘rgatish uchun avvalo ularda kasbiy ko‘nikmani rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Hudud ixtisoslashuvi asosida maktablarda mehnat darslari va kasbiy to‘garaklar tashkil etiladi. Ushbu to‘garaklarga sanoat savdo va servis korxonalari, klasterlar mutaxassislari kelib dars o‘tadi.

Viloyatdagi 5,7 ming gektar sunʼiy suv havzalarining atigi 23 foizida intensiv usulda baliq yetishtirilayapti.

Andijon tumanidagi tadbirkor 15 million dollar hisobiga 320 gektarda intensiv usulda baliq yetishtirish, 500 ta xonadon bilan kooperatsiya qilish tashabbusini bildirgan. Loyiha doirasida 27 turdagi karp balig‘idan mahalliy sharoitga mos baliq nasli yaratish reja qilingan.

Ushbu loyihaga Osiyo taraqqiyot banki ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri 15 million dollar berishga rozi. Buning uchun viloyat hokimligi huzurida loyiha ofisi tashkil qilinadi, tadbirkor va Osiyo taraqqiyot banki bilan uch tomonlama shartnoma imzolanadi.

Mutsaddilarga xorijdan 100 million dollar jalb qilib, yil yakunigacha 1,2 ming gektarda kamida 5-6 ta shunday loyihani yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Umuman, respublikada baliqchilikni rivojlantirishga 150 million dollar resurs beriladi. Shundan 50 million dollari Andijonga ajratiladi.

Viloyatning turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Xonoboddagi Kampirovot mahallasida 92 gektar hududda turizm markazi tashkil qilinadi. Bunday turizm maskanlari Buloqboshidagi Shirmonbuloq, Xo‘jaoboddagi Tosh ota mahallalarida ham tashkil qilinsa, qo‘shimcha 1 million turist jalb qilish uchun barcha imkoniyatlar bor.

Mutasaddilarga ushbu mahallalarning master-rejasini ishlab chiqib, zarur infratuzilma xarajatlarini hal qilib berish topshirildi.

Viloyat va tuman hokimliklari bu yil 125 million dollarlik 25 ta loyihani yakuniga yetkazish, 3,5 million xorijiy va mahalliy sayyohni jalb qilib, turizm eksportini 200 million dollardan oshirishga masʼul etib belgilandi.

Yig‘ilishda investitsiya va eksport masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘tgan uch yilda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman hokimlari xorijiy investorlar bilan 600 dan ziyod kelishuvga erishgani bilan, ularning atigi uchdan biri loyihaga aylangani tanqid qilindi.

O‘tgan yili kiritilgan investitsiyalarning yarmidan ko‘pi Baliqchi, Buloqboshi, Andijon tumani va shahriga to‘g‘ri keladi. Paxtaobod, Izboskan va Shahrixonda bu 50 million dollarni tashkil etgan, xolos.

Mutasaddilarga elektron platforma yaratib, xorijiy investorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar ro‘yxatini yuritish, ular ko‘targan har bir masala bo‘yicha aniq ijrochilarni belgilab, kunlik nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 million dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.

Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda ham xuddi Afg‘oniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqish topshirildi.

Xo‘jaoboddagi “Do‘stlik” postidagi katta tirbandlikdan aholi ham, tashuvchilar ham norozi ekaniga eʼtibor qaratildi. Masʼul vazirlik va idoralar oldiga tirbandlik sababini o‘rganib, tez fursatda buning yechimi bo‘yicha taklif berish vazifasi qo‘yildi.

"O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘lini qurish bo‘yicha yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi 1 ming kilometrga qisqaradi, yuk tashish 10 barobar oshadi.

"Lekin, ichki temir yo‘l tarmoqlarimiz, bojxona punktlari, stansiyalar bu yukni qabul qilish va o‘tkazishga qanchalik tayyor?", - deya savol qo‘ydi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga bu boradagi hisob-kitoblarni qilib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.

Bir hafta ichida Andijonda 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk aniqlandi. Shuningdek, 96 ta bino-inshootlar ochiq auksionda yillab sotilmayapti.

Bu obyektlar qulay shart asosida sotilsa, tadbirkorlar loyiha qilib, ish o‘rni yaratadi.

Masalan, Andijon shahri endokrinologiya markazidagi 20 sotix, yonidagi 1-son poliklinikaning 30 sotix bo‘sh yeri auksionga chiqsa, tadbirkor 20 million dollarlik 600 o‘rinli xususiy tibbiyot markazi qurmoqchi. Yoki, Andijon tumani O‘rikzor mahallasidagi taʼmirtalab “O‘quvchi yoshlar markazi” auksionga qo‘yilsa, bu yerga 35 million dollar investitsiya kiritib, jami 6 ming o‘rinli bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohdan iborat taʼlim klasteri qilaman, degan tadbirkorlar ham bor.

Mutasaddilarga bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarish topshirildi.

"Hammani qattiq ogohlantiraman – tibbiyot va taʼlim tashkilotlariga tegishli bo‘sh binolar faqat “profili”ni o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi", - dedi Prezident.

Bosh prokuraturaga bu borada qatʼiy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Izboskan tumanida tadbirkor 10 million dollar investitsiya hisobiga quvvati 3,2 megavattli kichik GES qurgan. GES yiliga 8 million kilovatt-soat elektr beradi. Bu Izboskan aholisi isteʼmolining 20 foizi degani.

Prezident bu namunali loyihani maʼqullab, viloyatning suv oqimi yuqori bo‘lgan ariq va kanallarida 75 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati borligini aytdi.

Andijondagi bunday loyihalarga 40 million dollar ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘lar tadbirkorlarga 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yilga 12 foiz stavkada beriladi.

Mahalliy komponentni rivojlantirish uchun avgust oyida xitoylik investorlar bilan mikro GES agregatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Eʼtiborli jihati, bu investor qurilgan GESlarga 1 yil bepul servis ko‘rsatadi, keyingi 9 yilda kafolatli pulli xizmatni yo‘lga qo‘yadi.

Viloyat hokimligiga bu yil quvvati 24 megavatt, keyingi yil yana 20 megavatt bo‘lgan jami 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish choralarini ko‘rish topshirildi. Bu loyihalar ishga tushsa, 38 ming xonadon uzluksiz elektr bilan taʼminlanadi, viloyatning elektr importi 10 foizga qisqaradi.

Yig‘ilishda qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, Xonobod-Andijon magistral suv quvurining 1-tarmog‘idan suv oqimi kamligi sababli 6 ta tumandagi 510 ming aholiga suv yetkazib berishda muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, ushbu quvurning 2-tarmog‘ini qurish zarurligi taʼkidlandi va mutasaddilarga tegishli ishlarni tezroq boshlash topshirildi. Andijon suv taʼminoti korxonasi hududida 18 megavattli quyosh panellari va 98 ta energiya tejamkor nasoslar o‘rnatiladi.

“Xonobod” chegara o‘tkazish punkti tiklangani hisobiga, “Bishkek – Dushanbe – Termiz” xalqaro yo‘lidagi transport oqimi 2-3 karra ko‘paydi. Lekin Xonoboddan o‘tuvchi Qoradaryo ustidagi 150 metrli ko‘prik nosozligi uchun mashinalar uning bir qismidan harakatlanmoqda, tirbandliklar hosil bo‘layapti.

Mutasaddilarga bir oyda ushbu ko‘prikni rekonstruksiya qilish dasturini tasdiqlash va 25 milliard so‘m ajratish topshirildi. Mazkur ko‘prik kelgusi yilda to‘liq ishga tushishi shartligi qayd etildi.

Yangi Andijon massivini Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bog‘lash uchun 56 kilometrlik halqa yo‘li qurish zarurligi qayd etildi. Bu yil ushbu yo‘lning 5 kilometrini bitkazish hisobiga Andijon shahriga kelish ancha qisqaradi. Bu yo‘lda 200 ta savdo va servis obyekti barpo etilib, 1 ming nafar aholi ishli bo‘ladi.

Andijon shahrini viloyatning 8 ta hududi bilan bog‘lovchi jamoat transporti mavjud emasligi oqibatida kuniga 80 ming aholi viloyat markaziga 20 mingga yaqin yengil transportda kelishga majbur.

Tig‘iz paytda Andijon shahridagi tirbandlik 7-8 ballga chiqib ketmoqda. Vaholanki, 1 ta kichik avtobus kuniga kamida 400 nafar aholiga xizmat ko‘rsatib, 25 ta yengil mashinani o‘rnini bosadi.

Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib, yangi marshrutlar va viloyat sharoitiga mos avtobus rusumlarini aniqlab, taklif berish topshirildi.

Davlatimiz rahbari Andijon shahri bo‘yicha muhim bir tashabbusni aytdi. Shahar markazida “Andijon turmasi” nomi bilan tanilgan 3-son tergov hibsxonasi joylashgan. Kundan-kunga shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib turgan vaqtda 100 yil oldin qurilgan bunday “sovuq” binoning markazda bo‘lishi noto‘g‘ri ekani qayd etildi.

Shu bois bu obyekt shahar chekkasiga ko‘chirilishi, o‘rnida zamonaviy ko‘ngilochar savdo va servis markazi barpo etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda ijtimoiy soha masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Prezident tibbiyotda Andijon brendini yaratish bo‘yicha barcha imkoniyatlar borligini taʼkidladi.

Bu borada o‘tgan yili 650 o‘rinli klinika Andijon davlat tibbiyot instituti balansiga o‘tkazilib, uni taʼmirlash va jihozlashga 180 milliard so‘m berildi. Bu 11 ming talabaga bir vaqtni o‘zida ham o‘qish, ham amaliyot o‘tash imkonini beradi.

Institutdagi simulyatsion markazda tibbiyot xodimlari malakasini 2 bosqichda baholash tizimini yo‘lga qo‘yish, klinika yoniga travmatologiya, pediatriya va jarrohlik, ginekologiya bo‘limini qurib, klasterga aylantirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Bunga yana 100 milliard so‘m ajratilishi maʼqullandi.

Simulyatsion markazda sinovdan o‘tgan tibbiy xodimlarga qo‘shimcha 100 foiz ustama berilishi belgilandi.

Hozir 2 ming nafar namanganlik yoshlar Andijonga qatnab o‘qiyotganini hisobga olib, Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylanadi. Bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqiladi, Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi.

Umuman, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy va Hindistondan kelib o‘qimoqchi bo‘lganlar hisobiga, viloyatda tibbiy taʼlim eksportini yiliga 20 million dollardan oshirish mumkinligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun “talaba vizasi” joriy qilish bo‘yicha bir oyda taklif kiritish topshirildi.

Andijondagi 400 dan ziyod mahallada aholiga tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlari tashkil qilindi. Bu yerda qon bosimini o‘lchash, ukol qilish, fizioterapiya kabi birlamchi oddiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

Prezidentimiz bu tajribani maʼqullab, mutasaddilarga bu yil ushbu tizimni qolgan viloyatlardagi kamida 100 tadan mahallada yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdi.

Andijonda zamonaviy xususiy klinikalar tashkil etish uchun olti oy davomida sotilmagan davlat obyektlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5 yil muddatga ijaraga beriladi, keyinchalik bu obyektlar ularning o‘ziga xususiylashtirib beriladi.

So‘nggi yillarda texnikumlar bo‘yicha ham katta islohotlar bo‘ldi. Lekin Andijondagi 56 ta texnikumning barchasida ham ishlar yangicha tashkil etilmayapti.

Masalan, Andijon 4-son texnikumi va Paxtaobod 2-son texnikumida talabalarning bir vaqtning o‘zida o‘qishi va ishlab, daromad topishi bo‘yicha ijobiy tajriba yaratilgan.

Maktablardagidek o‘z ustida ishlab, salohiyati va ko‘nikmasini oshirgan direktorlarni rag‘batlantiradigan tizim endilikda texnikumlarda ham joriy qilinishi belgilandi.

Kecha Yangi Andijon shahrini Bobur shahri deb nomlash bo‘yicha katta tashabbus ilgari surildi.

Bobur bobomiz siymosini abadiylashtirish maqsadida ulug‘ ajdodimiz va uning avlodlari bunyod qilgan tarixiy obidalarning kichiklashtirilgan nusxalaridan iborat tematik park barpo etiladi.

Prezidentimiz har yili Bobur shahrida rassomlar festivalini o‘tkazishni taklif qildi. G‘oliblarga avtomobil beriladi.

Umuman, mutasaddilarga shaharni maʼrifat va madaniyat markaziga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

"Ikki kun davomida Andijondagi bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan tanishdim. Shu bilan birga, viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, obodonlashtirish va infratuzilmasi uchun misli ko‘rilmagan miqdorda mablag‘ ajratilayapti. Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan", - dedi davlatimiz rahbari.

Aytilgan barcha tashabbuslar Andijondagi har bir xonadongacha kirib borishi, ajratilayotgan har bir so‘m mablag‘ kamida o‘n so‘m bo‘lib qaytishi uchun mutlaqo yangi nazorat tizimi joriy qilinishi belgilandi.

Tegishli idoralarga har bir topshiriq ijrosidan tortib, rahbarlarning aholi va tadbirkorlar bilan muomalasigacha qatʼiy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Har bir mahallada huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi, Andijonga yangi tayinlangan viloyat prokurori va ichki ishlar boshlig‘ining bu boradagi masʼuliyati belgilandi.

"Biz boshlagan islohotlar, bu – faqat raqamlar yoki hisobotlar emas. Bu – har bir oila, har inson hayotida seziladigan, farovonlik va taraqqiyot sari yo‘naltirilgan haqiqiy o‘zgarishlardir.

Bugun ham Andijonda keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha eng muhim vazifalarni belgilab oldik. Aholi va tadbirkorlar kayfiyatiga taʼsir ko‘rsatadigan barcha masalalarga to‘xtalib, viloyat uchun zarur mablag‘larni ham hal etdik.

Agar barchamiz bir bo‘lib, hamjihat bo‘lib ish olib borsak, yutuqlarimiz yana-da ko‘payadi, biz zabt etolmaydigan marraning o‘zi bo‘lmaydi, Andijon yana-da obod bo‘ladi, men bunga ishonaman!", - dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.

Yig‘ilishda viloyat va respublika mutasaddilarining hisobotlari, tadbirkorlarning takliflari tinglandi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling