Afg‘onistonda zilzila kamida 250 nafar odamning hayotiga zomin bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘onistonning sharqida joylashgan Kunar viloyatida kuchli zilzila sodir bo‘lib, kamida 250 kishi halok bo‘ldi. 500 dan ortiq aholi jarohat olgani maʼlum qilindi. Bu haqda “Baxtar” davlat axborot agentligi xabar berdi.
Mahalliy hokimiyat maʼlumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni haqidagi raqamlar dastlabki hisoblanadi, chunki qutqaruv otryadlarida hali ham aloqa cheklangan, qiyin yetib boriladigan hududlarga kirish ishlarini olib bormoqda. Vayronalar ko‘lamini baholash va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.
AQSH Geologik xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, 31 avgust kuni soat 11:47 da magnitudasi 6,0 bo‘lgan zilzila qayd etilgan. Epitsentr Nangarhar viloyatining Jalolobod shahri shimoli-sharqidan 27 kilometr uzoqlikda, 8 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Yer silkinishlari Qobul va mamlakatning bir qator boshqa hududlarida ham seziodi. Ayrim tumanlarda internetga ulanishda uzilishlar kuzatildi.