Afgʻonistonda 220–500 kV elektr uzatish liniyalari va podstansiyalarini qurish boʻyicha kelishuv imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 6-sentyabr kuni Afg‘onistonning Qobul shahrida energetika sohasida investitsiyalarni jalb qilish va Afg‘oniston energetika sektorini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan birinchi konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Afg‘oniston hukumati vakillari, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston Respublikalari energetika vazirliklari delegatsiyasi, shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida Afg‘onistonda 220–500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar qurilishi bo‘yicha moliyaviy shartnoma imzolandi va loyihaning qurilishiga start berildi.
Loyihalar 2027-yilning birinchi choragiga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida elektr energetika sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Kelgusida O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘ylab taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, aqlli hisoblash tizimlarini joriy etish orqali sohada samaradorlik va shaffoflikni oshirish, texnik ekspertiza orqali ishonchli energiya yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ushbu konferensiya Afg‘oniston iqtisodiyoti va mintaqaning barqaror energiya infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.