Acwa Power va L&T O‘zbekistonda mahalliy hamkorlarni qidirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Saudiya Arabistonining yirik energetika investori — “Acwa Power” kompaniyasi mintaqaviy direktori Jon Zaidi hamda uning strategik pudratchisi, Hindistonning “L&T Construction” kompaniyasi MDH davlatlari bo‘yicha rahbari Radjan Bansal hamda Energetika vazirligi mas'ul xodimlari boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning elektrotexnika sanoatida faoliyat yuritayotgan “Enter Steel” va Texnopark korxonalariga tashrif buyurdi.
Tashrifdan asosiy maqsad — “Acwa Power” tomonidan investitsiya kiritilayotgan quyosh elektr stansiyalari loyihalari doirasida, “L&T Construction” tomonidan amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlariga zarur bo‘lgan elektrotexnika jihozlari va materiallarini — xususan, elektr uzatish liniyasi metall ustunlari (лэп опора), metall konstruksiyalar va boshqa elektrotexnika vositalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hisobidan ta’minlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Delegatsiya vakillari korxonalar ishlab chiqarish maydonlari, texnologik jarayonlari, mahsulot sifati va xalqaro standartlarga muvofiqlik darajasi bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv davomida texnik talablar, hamkorlik shartlari va ehtimoliy kelishuvlar yuzasidan ochiq muloqot olib borildi.
Ushbu tashrif mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yirik xalqaro “yashil energetika” loyihalariga integratsiya qilish, shuningdek O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.