Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil 1-apreldan O‘zbekistonga bir qator dori-darmonlarni import qilishda bojxona boji joriy etiladi.
Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizovning ma’lum qilishicha, 28-yanvarda Prezident tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra, bu boj antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanishga qarshi, viruslarga qarshi, gormonal va boshqa dori vositalariga taalluqli bo‘ladi.
Jamiyatda bu o‘zgarishlar dorilar narxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud. Biroq, Azizovning ta’kidlashicha, «bu bozorga ta’sir qilmaydi».
U bintlarni misol qilib keltirdi. O‘zbekistonda bint va boshqa tibbiy buyumlarga 30%lik boj joriy etilganidan so‘ng, mamlakatda mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan va ushbu mahsulotlarning importi kamaygan.
Yangi farmonga ko‘ra, boj faqat ayrim turdagi dori vositalariga joriy etilgan bo‘lib, u atigi 2%ni tashkil etadi. Masalan, qon preparatlari, vaksinalar va immunologik preparatlarga boҷ qo‘llanilmaydi, ular uchun stavkalar nol darajasida saqlanib qoladi.
2024-yil oxirigacha farmatsevtika tovarlari uchun bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imi 1,2%ni tashkil etgan. Biroq, Jahon savdo tashkiloti (JST) talablariga muvofiq, bu yig‘im bekor qilinib, uning o‘rniga boshqa davlatlardagi kabi 2%lik standart boҷ joriy etildi. Azizovning ta’kidlashicha, bu dori narxlarining oshishiga olib kelmaydi.
Shuningdek, u AQSHda dori-darmonlar uchun boҷ 6,5%gacha, Hindistonda esa 10%gacha yetishi mumkinligini qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekistonda boj joriy etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.