2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda 9,4 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ipoteka kreditlash va aholini uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda sezilarli o‘sish kuzatildi.
Bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi PF–26-sonli Farmoni asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatda bozor sharoitida ipoteka mexanizmlari orqali uy-joy taqdim etishning asosiy parametrlari belgilab berilgan.
Yil boshidan buyon amalga oshirilgan vazifalar doirasida joriy yilning olti oyi mobaynida mamlakat bo‘ylab 30 mingtadan ortiq kvartira foydalanishga topshirildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 2,1 baravarga ko‘p.
Kommersiya banklari tomonidan jami 9,437 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi, bu 31 589 nafar fuqaroni qamrab oldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 trln so‘mga yoki 1,4 barobarga ko‘p.
Kam daromadli aholini qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2025 yilning birinchi yarim yilida 75 271 nafar shaxsga jami 938 milliard so‘mlik subsidiyalar ajratildi. Bundan tashqari, yil boshida berilgan va amalda bo‘lib turgan xabarnomalar bo‘yicha subsidiyalar to‘lanishi davom etmoqda.
Prezidentning PF–26-sonli Farmoniga muvofiq, joriy yilda mamlakat bo‘ylab umumiy maydoni 8,1 million kvadrat metr bo‘lgan 135 mingta kvartirali turar joy binolarini barpo etish rejalashtirilgan.
Uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida joriy yilda 20,9 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilishi ko‘zda tutilgan. Boshlang‘ich to‘lov va ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun beriladigan subsidiyalar soni 1,5 baravarga oshirildi va ushbu maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trln so‘m yo‘naltirildi.
Xususan, kam daromadli va uy-joyga muhtoj bo‘lgan 30 ming fuqaroga joriy yilda subsidiya berilishi rejalashtirilgan.