2025 yil I choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 32% ga oshdi — $3,3 mlrd
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,3 milliard dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32% ko‘proq bo‘lib, o‘shanda tushum 2,5 milliard dollarni tashkil etgan edi, deya maʼlum qilmoqda Markaziy bank.
Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar va fevral oylarida transfertlar hajmi har oyda 1 milliard dollardan oshgan, mart oyida esa 1,2 milliardga yaqinlashgan.
Pul o‘tkazmalari o‘sishi, jumladan, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlar valyutalarining mustahkamlanishi hamda yurtdoshlarimizning ish haqi yuqori bo‘lgan davlatlarga mehnat migratsiyasi ortishi bilan izohlanmoqda.