2025 yil I choragida O‘zbekiston chegarasida 1,6 mingdan ortiq madaniy boyliklar musodara qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning birinchi choragida O‘zbekiston davlat chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tishga urinish paytida 1 616 ta madaniy boylik sifatida tan olingan ashyolar musodara qilindi.
Madaniy meros agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, musodara qilingan barcha ashyolar badiiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ularning 126 tasi bo‘yicha ekspert xulosalari tayyorlangan. Madaniy boyliklarning umumiy bahosi 219,5 million so‘m etib belgilangan.
Shu bilan birga, rasmiy kanallar orqali 258 ta eksport sertifikati rasmiylashtirilgan, bu esa 2 005 ta madaniy ashyoni xorijga qonuniy tarzda yuborish imkonini bergan. Bundan tashqari, 229 ta eksponat uchun vaqtinchalik ruxsatnoma ham berilgan.
Shuningdek, «Mening milliy merosga hissam!» aksiyasi ham davom etmoqda. U doirasida fuqarolar davlatga umumiy qiymati 7 milliard so‘mga teng bo‘lgan 132 ta madaniy boylikni taqdim etgan. Ushbu ashyolarni davlat tomonidan sotib olish to‘g‘risidagi qaror Badiiy ekspertlar kengashi tomonidan qabul qilinadi.