Valyuta kurslari 12/03/2025
$1 – 12931.94
UZS – -0,06%
€1 – 14107.45
UZS – 0,37%
₽1 – 150.18
UZS – 3,13%
Qidirish
Moliya 08/02/2025 2024-yil uchun nominal va real samarali almashuv kursi indekslari hisoblab chiqildi

2024-yil uchun nominal va real samarali almashuv kursi indekslari hisoblab chiqildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2024-yil uchun nominal (NEER) va real samarali almashuv kursi (REER) indekslari hisoblab chiqildi.

2024-yilda O‘zbekiston uchun NEER va REER indekslarini hisoblashda savdo hamkorlarimiz sifatida O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida 83 foiz hissaga ega bo‘lgan 20 ta mamlakat, bazaviy davr sifatida 2019-yilning yanvar oyi tanlab olindi.

2024-yilda O‘zbekistonda real samarali almashuv kursi indeksi ko‘tarildi. Xususan, 2024-yilning dekabr oyida REER indeksi 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 4,8 bandga (106,6 dan 111,4 ga) ko‘tarildi. Bunda, so‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi o‘zgarishi taʼsiri 3,3 band bo‘lgan bo‘lsa, inflyatsiyaning taʼsiri 1,5 bandni tashkil etdi.

Taʼkidlash joizki, 2024-yilning dastlabki 9 oyida REER indeksi 104,1 va 105,7 oralig‘ida shakllangan bo‘lsa, IV-chorak yakuniga kelib III-chorak yakunidagiga nisbatan 6,6 bandga oshdi.

2024-yilda nominal samarali almashuv kursi 4,1 bandga (90,0 dan 94,1 ga) o‘sdi.

Iqtisodiyotda real samarali almashuv kursining ko‘tarilishi, boshqa omillar o‘zgarmas deb qaralganda, eksport narxlarining qimmatlashishi va import narxlarining arzonlashishiga olib kelishi mumkin.

2024-yilda REER indeksining oshishiga taʼsir etuvchi muhim omillardan biri sifatida asosiy savdo hamkorlarimiz bo‘lgan davlatlar milliy valyutalarining AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanishi o‘zbek so‘mi qadrsizlanishiga nisbatan yuqori ekanligini keltirish mumkin.

2024-yilning yanvar-dekabr oylarida so‘mning AQSH dollariga nisbatan nominal kursi 3,8 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, Rossiya rubli 16,8 foizga, Qozog‘iston tengesi 15,5 foizdan ko‘proqqa va turk lirasi deyarli 16,6 foizga qadrsizlandi. Bu o‘z navbatida, REER indeksining 3,3 bandga o‘sishiga taʼsir o‘tkazdi.

Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekistondagi narxlar darajasi dinamikasi va asosiy savdo hamkorlarimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar orasida farqning yuzaga kelishi REER indeksining o‘sishiga taʼsir etdi.

2024-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich Rossiyada 9,5 foizga, Qozog‘istonda 8,6 foizga va Xitoyda 0,2 foizga teng bo‘ldi. Inflyatsiya omilining REER indeksiga taʼsiri 1,5 bandni tashkil etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling