20 MVt quvvatga teng Chorvoq shamol elektr stansiyasi loyihasi qurilishiga start berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hozirgi shiddatli zamon iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida barqaror energetika tizimini shakllantirishni, yirik hajmdagi energiya sarfini ko‘zda tutadi. Bu borada, dunyo bo‘ylab qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli va samarali foydalanish tendensiyasi hamon dolzarb ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda ham energetika tarmog‘ining ajralmas qismi hisoblangan “yashil energetika”, yaʼni qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini oshirishga keng eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, gidroenergetika sohasini rivojlantirish barobarida quyosh va shamol energetikasini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
So‘nggi yillarda, ayniqsa, shamol energetikasini rivojlantirish borasida amaliy ishlar boshlandi.
Yangi O‘zbekiston har bir yo‘nalishda ilg‘or mamlakatlar tajribasiga asoslangan holda, o‘zaro hamkorlik negizida mahalliy kesimdagi islohotlarni izchil tatbiq etib bormoqda.
Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar strategik sheriklik, o‘zaro ishonch va uzoq yillik do‘stlik tamoyillari asosida izchil rivojlanib bormoqda. Shuningdek, davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 33 yil to‘lgani o‘zaro hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin bo‘ladi.
Bunday keng qamrovli hamkorlik mamlakatlarimizning milliy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish yo‘nalishida Xitoyning nufuzli tashkilotlari bilan hamkorlikda qator investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Xususan, 2023-yil 17-oktyabrda Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni savdo departamenti ko‘magida “O‘zbekgidroenergo” AJning birinchi GRANT loyihalarini jalb qilish doirasida O‘zbekistonda shamol elektr stansiyasini qurish grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumi imzolangan.
Mazkur kelishuv asosida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Chorvoq shamol elektr stansiyasini qurish” loyihasi doirasida amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Bugun, 30-iyul kuni “Chorvoq shamol elektr stansiyasini qurish” loyihasiga rasman start berish – tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
Marosimda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Iqtisodiyot va tijorat bo‘limi maslahatchisi, janob Sun Yan, masʼul xitoy kompaniyalari vakillari, Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Axmedov, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari F. Mahmudov hamda masʼul rahbar-xodimlar, mahalliy faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Iqtisodiyot va tijorat bo‘limi maslahatchisi, janob Sun Yan tomonidan ushbu loyihaning maqsadi, mazmuni, ko‘lami hamda ahamiyati borasida fikr bildirildi.
Shuningdek, Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov o‘z nutqida xitoylik hamkorlarga minnatdorchilik bildirib, mamlakatimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Xitoy tomonidan ajratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri beg‘araz ko‘mak, grant mablag‘larining qiymati 28,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyihani amalga oshirish muddati 2025-2026 yillarga rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha doirasida 20 MVt quvvatga teng shamol elektr stansiyasini barpo etiladi. Bunda yiliga o‘rtacha 50 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Shu bilan birga, 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni savdo departamenti tomonidan loyihani qurilish ishlarini olib borish uchun o‘tkazilgan tenderda “TBEA Co., Ltd” kompaniyasi g‘olib bo‘lib, bosh pudratchi etib tanlangan.
Xo‘sh, shamolni jilovlash va undan foydalanish nima beradi?
Mazkur loyiha foydalanishga topshirilgandan so‘ng, qariyb 20 ming xonadon elektr energiya bilan taʼminlanadi.
Bugungi kunda bosh pudratchi tomonidan Toshkent viloyati hokimining tegishli qarori asosida ajratilgan 10 gektarga teng yer maydonida (Burchmulla hududida) qurilish ishlari olib borilmoqda hamda Xitoydan olib kelinayotgan zamonaviy texnologik asbob-uskunalarini bosqichma-bosqich montaj qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Ushbu shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi yiliga 811,1 ming metr kub tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna ko‘mir tejash imkonini beradi. Bu, nafaqat atrof-muhit muhofazasi, balki iqtisodiy jihatdan ham samarali yechim hisoblanadi.
Maʼlumot uchun: aytish lozimki, bu borada “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan mamlakatimizda shamol stansiyasi orqali elektr energiyasi olish borasida eng birinchi qadam qo‘yilgan edi. Mamlakatimiz tarixidagi ilk shamol elektr texnologiyasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 750 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan qurilmadir.
Qayd etish lozimki, dastlabki o‘rganishlar, bu borada tajriba sifatida yangi yo‘nalishda elektr energiyasidan quvvat olish borasida “O‘zbekgidroenergo” AJ mutaxassislari tomonidan salmoqli ish olib borildi.
Tashkilot faoliyatiga 2017-yil 18-may sanasida asos solingan bo‘lsa, shamol stansiyasining ham o‘sha yilning o‘zidayoq ekspluatatsiyaga topshirilganligi esa, sohadagi yangi izlanishlar va mashaqqatli mehnat natijasini ifodalaydi.
Tom maʼnoda, ekologik toza energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha joriy shamol elektr stansiyasining qurilishi ham shu saʼy-harakatlarning uzviy davomi bo‘lib, ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi.